Daryo

Eyfel minorasi xodimlari ayollar ishdan chetlatilgani sabab ish tashlash e’lon qildi

Fransiyada hindu diniy guruhi tashrifi chog‘ida ayol xodimlarga ishlashga ruxsat berilmadi. Oqibatda ishchilar norozilik bildirib, Parijdagi mashhur obyektni bir kunga yopib qo‘ydi.

1 daqiqa o‘qish2 412 ko‘rishlar0 izoh0

Fransiyaning Parij shahridagi Eyfel minorasi 7-sentyabr kuni yopildi. Bunga hindu diniy guruhi tashrifi chog‘ida ayol xodimlarning chetlashtirilganiga norozilik sifatida xodimlarning ish tashlashi sabab bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

7-sentyabr kuni minoraga kelgan tashrifchilar obyektning ochilishi “operatsion sabablarga ko‘ra kechikmoqda” degan yozuvni ko‘rdi. Xodimlar bayonotiga ko‘ra, ular diniy guruh tashrifi chog‘ida “ayol xodimlarning jinsi sababli chetga surilishi yoki almashtirilishi”ni qoralamoqda.

Tashrif buyurgan guruh Bochasanwasi Akshar Purushottam Swaminarayan Sanstha harakatining 100 ga yaqin erkagidan iborat bo‘lgan. Minorani boshqaradigan SETE kompaniyasining bildirishicha, bu guruh tashrif doirasida ayollar bilan muloqot cheklanishini so‘ragan.

Parij meri Emmanuel Greguar bu hodisani qabul qilib bo‘lmaydigan holat deb baholadi.

“Ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglik hech qachon tarixiy yodgorliklarimiz poyida ham, shaharning boshqa biron bir joyida ham yakun topmaydi”, dedi Greguar.

SETE kompaniyasi bu qaror xato bo‘lganini tan oldi.

“Bu shartlar qabul qilinmasligi kerak edi”, deyiladi SETE bayonotida.

Kompaniya rahbari Arel Veil AFP axborot agentligiga SETE ushbu holatdan zarur xulosalar chiqarishini aytdi.

“Aholini kutib olishda hech qanday diniy sabab jinsiy kamsitishni yoki boshqa diskriminatsiyani oqlay olmaydi”, deb yozdi Veil o‘zining X platformasidagi sahifasida.

Eyfel xodimlarining bildirishicha, minora 8-sentyabr kuni qayta ochiladi. Ma’lumot o‘rnida, Fransiyaning tashrif qog‘oziga aylangan bu minoraga yiliga 7 millionga yaqin sayyoh tashrif buyuradi. Avvalroq anomal issiq tufayli Eyfel 10 santimetrga uzaygani haqida xabar berilgandi. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar