Luvr xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri muzeyga tushgan oʻgʻrilar bilan til biriktirgan boʻlishi mumkin. Bu haqda tergovga yaqin manbalarga tayanib, The Telegraph xabar berdi.
“Muzey qo‘riqchilaridan biri va o‘g‘rilar bilan hamkorlik bo‘lganini ko‘rsatadigan raqamli sud-tibbiy dalillar mavjud”, deydi manba.
Muzey xodimi qimmatbaho buyumlar tunab ketilishidan oldin oʻgʻrilar bilan aloqada boʻlgani aytilmoqda. Jinoyatchilar muzey xavfsizlik tizimi haqidagi maxfiy ichki ma’lumotni oldindan qo‘lga kiritgan. Ular aynan shu maʻlumotlar asosida binoga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Parij prokurori Lore Bekko ham politsiya mazkur versiyani, ya’ni jinoyatchilarga Luvr xodimi yordam bergan bo‘lishi ehtimolini tekshirayotganini tasdiqladi.
“Biz barcha taxminlarni ko‘rib chiqamiz. Muzey ichida kimningdir ishtiroki bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli ham, qolgan barcha versiyalar kabi, sinchiklab o‘rganiladi”, degan prokuror.
Surishtiruvda 100 dan ortiq detektiv ishtirok etmoqda, tergovga Sud politsiyasining Banditizmga qarshi kurashish brigadasi, shuningdek, Madaniy boyliklar savdosiga qarshi kurashish markaziy boshqarmasi rahbarlik qilmoqda.
Luvr muzeyi direktori Loran de Karlar o‘g‘rilar muzeyga kirganida ikkinchi qavat balkonini hech qanday xavfsizlik kamerasi kuzatmaganini aytgandi.
“Afsuski, Apollon galereyasi tomonida o‘rnatilgan yagona kamera g‘arbga qaragan va shuning uchun buzib kirishdan zarar ko‘rgan balkonni koʻrsatmaydi”, degan u.
Tergovning yangi tafsilotlari Luvr o‘zining eng qimmatbaho javohirlaridan ba’zilarini Fransiya bankiga o‘tkazganida paydo bo‘ldi. 24-oktyabr kuni maxfiy politsiya kuzatuvi ostida muzeyning fransuz tojlari saqlanadigan Apollon galereyasidan ba’zi qimmatbaho buyumlarni topshirish amalga oshirildi.
Luvr muzeyini o‘marishda gumonlanganlar hibsga olindi
Luvr muzeyidan qimmatbaho taqinchoqlarni o‘g‘irlashda gumonlanganlar Fransiyadan chiqib ketishga urinish vaqti qo‘lga olindi. 25-oktyabr kuni taxminan 30 yoshdagi ikki nafar erkak hibsga olingan. Ular Parij yaqinidagi Sena-Sen-Deni tumanidan bo‘lib, o‘z xatti-harakatlari sabab ilgari ham politsiya diqqatini tortgan.
Gumonlanuvchilardan biri Sharl-de-Goll xalqaro aeroportidan Jazoirga uchib ketmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga tushgan. Biroq o‘g‘irlangan taqinchoqlarning topilganiga oid hech qanday ma’lumot berilmagan. Parij prokurori Lore Bekko hibsga olinganlar haqida boshqa tafsilotlarni ochiqlamadi. Ammo u tergov haqidagi ma’lumotlarning matbuotga sizdirilganini keskin tanqid qildi.








