Daryo

“Investorlar xatarni boʻyniga olmayapti” — Abdulla Abduqodirov banklarni xususiylashtirish nega kechikayotgani haqida

Oʻzbekistonda 2025-yil yakunigacha uchta davlat banki xususiylashtirilishi kerak edi. Ammo jarayon 2030-yilgacha choʻziladigan boʻldi. Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov fikricha, banklar investorlar talablariga javob bermasa, sotuv muddati uzayaveradi.

3 daqiqa o‘qish7 994 ko‘rishlar0 izoh3

Oʻzbekistonda 2025-yil yakunigacha uchta davlat banki xususiylashtirilishi kerak edi. Ammo jarayon 2030-yilgacha choʻziladigan boʻldi. Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov fikricha, banklar investorlar talablariga javob bermasa, sotuv muddati yana choʻzilish ehtimoli bor. 

Kechikayotgan xususiylashtirish

Yangilangan “Oʻzbekiston 2030” strategiyasida 2026-2030-yillarda davlat ixtiyorida hozirgi toʻqqiztadan toʻrtta bankni saqlab qolish, qolgan beshtasini xususiylashtirish belgilangan. Hujjatga koʻra, 2026-yilda birorta bank sotilmaydi, 2027-yilda ikkita, 2028, 2029 va 2030-yillarda bittadan bank xususiylashtiriladi. 

Aslida prezident qarorlariga asosan strategiyadagi toʻrtta bankdan uchtasi 2025-yilning oʻzida xususiylashtirilgan boʻlishi kerak edi. Ammo davlat rahbari qarorlari bajarilmadi, ishlar ortga surildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-2028-yillarga moʻljallangan fiskal strategiya ishlab chiqqan. Hujjatda yozilishicha, davlatga qarashli “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank” va “Turonbank” 2025-2027-yillar oraligʻida xususiylashtiriladi. Boshqa davlat banklari — “Oʻzmilliybank”, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Xalq banki”, “Biznesni rivojlantirish banki” davlat ixtiyorida qoldiradi. Vazirlik xususiylashtirishdan maqsad banklar boshqaruvini takomillashtirish, moliyaviy hisobdorlik va samaradorligini oshirishdan iborat ekanini qayd etgan.

Foto: “Daryo”

Muammo nimada?

Joriy yil 20-fevral kuni Toshkent shahrida yangilangan “Oʻzbekiston 2030” strategiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Muloqot yakunida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi raisining birini oʻrinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Abdulla Abduqodirov jurnalistlarga intervyu berdi.

Iqtisodchi “Daryo” muxbiri savoliga javoban, davlat banklarini xususiylashtirish nega ortga surilayotgani yuzasidan fikr bildirdi. Olimning aytishicha, banklar samarali ishlasa, ular ortida davlat yoki xususiy shaxslar turgani jamiyat uchun katta ahamiyatga ega emas. Eng muhimi banklar xizmatlarini arzon va oʻz vaqtida bajarishi kerak.

“Shu sabab biz uchun xususiylashtirish emas, banklar faoliyatida samarani oshirish eng asosiy maqsad hisoblanadi. Muammo shundaki, bugun davlat banklarining katta qismi aynan davlat aralashuvi tufayli xususiy investorlarga uncha qiziq aktivlar emas. Banklarda restrukturizatsiya ishlarini amalga oshirishimiz kerak. Ularning qarzlarini, kredit portfelini qayta koʻrib chiqishimiz lozim. Masalan, ayrim banklar bitta qarzdorga juda katta miqdorda kredit bergan. Yoki qaytmayotgan kreditlarning ulushi investorlarga yuqori xavf tugʻdiradi. Chunki bank sohasidagi investorlar oʻziga hech qanday riskni olmasdan keladi. Ular hamma riskni davlatda qoldirib, oʻzi faqat daromad olish talabida boʻladi. Shuning uchun ularning har biri bilan oʻtirib, yillar davomida gaplashishingiz kerak”, dedi iqtisodchi.

Foto: Abdulla Abduqodirov
Foto: “Daryo”

Abdulla Abduqodirov banklardan biri Toshkent metallurgiya zavodi qurilishida juda katta kredit berganini misol sifatida keltirdi. Agentlik rasmiysi aslida mamlakat uchun bunday zavod kerakligi, lekin qarzni qaytarish imkoniyatlari bir necha yillarga moʻljallangani ni aytdi. Bu holat qarz bergan bankni xususiylashtirishga taʼsir qilayotganini bildirdi.

“Kelayotgan investor ‘bitta qarzdorga juda katta kredit bergansizlar, men bunaqa bankni xohlamaymanʼ, deb turib oladi. Yaʼni ular hech qanday riskni oʻziga olishni istamaydi. Shuning uchun bu murakkab va muloqot bilan yechiladigan masala. Jarayon shunday kechgani sabab hech kim aniq sanani ayta olmaydi. Hatto 2030-yilga yaqinlashganda ham, balki bu rejalar oʻzgarishi mumkin. Gap faqatgina bizning xohishda emas”, dedi Abdulla Abduqodirov.

Iqtisodchi soʻzi yakunida banklarni xususiylashtirish investorlarga qulay sharoit yaratish bilan koʻproq bogʻliq ekanini urgʻuladi.

Foto: “Daryo”

Davlat banklari koʻrsatkichlari

Oʻzbekistonda davlat banklari moliyaviy koʻrsatkichlari xususiy banklarga nisbatan ancha yuqori hisoblanadi. 2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, mamlakatdagi banklarda jami kredit qoldigʻi 604 trillion soʻmni tashkil etgan. Shundan qariyb 404,5 trillion soʻmi davlat banklariga tegishli. Umumiy hisobdagi 417,2 trillion soʻmlik depozitlardan 212,7 trillion soʻmi davlat banklari ixtiyorida.

Masalaning yana bir jihati shundaki, muammoli kreditlar ulushi ham davlat banklarida yuqoriligicha qolmoqda. Oʻtgan oy boshida banklardagi muddati oʻtsa-da, qaytarilmayotgan qarzlar miqdori 18 trillion soʻmni tashkil etdi. Mazkur kreditlardan 12,8 trillion soʻmi davlat banklari ajratgan va undirolmayotgan qarzlar hisoblanadi. Eng katta miqdordagi muammoli kreditlar “Oʻzmilliybank”da — uch trillion soʻm. Shu bilan birga, “Agrobank”da ham qaytmayotgan qarzlar 2,7 trillion soʻmga yetgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar