AQSH rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilayotgan Eron bo‘yicha ssenariylardan biri — islom respublikasining 86 yoshli oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va uning 56 yoshli o‘g‘li Mojtabani o‘ldirish ehtimolini o‘z ichiga oladi. Bu haqda prezident Donald Tramping yuqori martabali maslahatchisiga tayanib Axios portali xabar berdi.
“Ularda har qanday vaziyat uchun reja bor. Ssenariylardan birida Oyatulloh, uning o‘g‘li va mullalar o‘ldiriladi. Hech kim, prezidentning o‘zi ham qaysi ssenariyni tanlashini hali bilmaydi”, dedi Axios suhbatdoshi.
Portalning yana bir manbasiga ko‘ra, Xomanaiy va uning o‘g‘lini yo‘q qilish rejasi Trampga bir necha hafta oldin taklif qilingan. Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati Eronga uranni “kichik, ramziy darajada boyitish”ga ruxsat berish variantini ham ko‘rib chiqishi mumkin.
“Tramp muhim ahamiyatga ega va mamlakat ichida siyosiy jihatdan ilgari suriladigan bitimni qabul qilishga tayyor bo‘ladi”, dedi Axios suhbatdoshlaridan biri.
Tramp 19-fevral kuni Eronga 10-15 kun muhlat berdi
AQSH va Eron fevral oyi boshida Ummon vositachiligida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarni qayta boshladi. Bilvosita muzokaralarning ikkinchi raundi 17-fevral kuni Jenevada bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar fonida AQSH mintaqadagi harbiy ishtirokini keskin kuchaytirdi. Tramp u yerga ikkinchi aviatashuvchi kemasini, shuningdek, qo‘shimcha kemalar va aviatsiyani yuborishni buyurdi. 19-fevral kuni esa AQSH prezidenti muzokaralar natijasiz yakunlansa, Eronni “yomon oqibatlardan” ogohlantirdi.
Eron vakillari AQSH bilan muzokaralarda uranni boyitishni vaqtincha to‘xtatib turishni taklif qilgan. Ammo Vashington bu jarayonni to‘liq to‘xtatishni talab qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, AQSH Eronga aviazarbalar berish uchun yetarli harbiy kuchlarga ega. Mamlakat armiyasi 21-fevraldan boshlab Eronga zarba berishga tayyor, biroq harbiylar prezident Donald Trampning yakuniy buyrug‘ini kutmoqda. Ehtimol operatsiyada Isroil ham ishtirok etishi mumkin. Yahudiy armiyasi yuqori shay holatga keltirilgan.
Yanvar oyida Tramp Eronda hukumatga qarshi namoyishga chiqqanlarga “yordam yo‘lda” ekanini va’da qilgan edi. O‘shanda Abraham Lincoln kemasi Yaqin Sharq tomon yo‘l olgan. Biroq namoyishlar bostirilgan va Tramp e’tiborini Eronning yadroviy dasturiga qaratgan.
Eron ixtiyorida bo‘lgan 60 foizgacha boyitilgan 440 kilogramm uranning qayerdaligi va holati hanuz noaniq. Agar bu uran 90 foizdan yuqori darajagacha boyitilsa, 10 ta yadroviy qurol yasash uchun yetarli bo‘lishi mumkin.








