Daryo

“Namoyishlardagi qurbonlar uchun jinoyatchi Tramp aybdor” — Eron oliy rahnamosi (video)

Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatda bo‘layotgan namoyishlar AQSH fitnasi ekanini da’vo qildi.

1 daqiqa o‘qish6 157 ko‘rishlar0 izoh6

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy 17-dekabr kuni chiqish qilib, mamlakatda yuz bergan norozilik namoyishlari vaqtida yuzaga kelgan qurbonlar uchun bevosita AQSH prezidenti Donald Tramp aybdor ekanini aytdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

“Bu Amerika fitnasi”

Diniy bayram munosabati bilan tarafdorlari oldida nutq so‘zlagan Ali Xomanaiy Vashingtonni Eron millatiga qarshi qaratilgan harakatlarda aybladi.

“Biz Amerika prezidentini insoniy talafotlar, yetkazilgan zararlar va u Eron xalqiga nisbatan ilgari surgan asossiz ayblovlar uchun aybdor deb hisoblaymiz. Bu Amerika fitnasi edi. Amerikaning maqsadi — Eronni yutib yuborish, mamlakatni yana harbiy, siyosiy va iqtisodiy jihatdan o‘ziga bo‘ysundirishdir. Biz AQSH prezidentini qurbonlar, zararlar va Eron millatiga qilgan tuhmatlari uchun jinoyatchi deb hisoblaymiz”, dedi oliy rahnamo.

“Isyonchilarning beli bukilishi kerak”

Mamlakatdagi diniy rahbariyatga qarshi qaratilgan keng ko‘lamli norozilik to‘lqinidan so‘ng, Xomanaiy rasmiylarni isyonchilarning “belini sindirishga” chaqirdi. U o‘z nutqida ham ichki, ham tashqi “jinoyatchilar”ga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

“Biz mamlakatni urushga boshlamoqchi emasmiz, lekin ichki jinoyatchilarga shafqat qilmaymiz. Ichki jinoyatchilardan ham battarroq bo‘lgan xalqaro jinoyatchilarga ham rahm qilmaymiz. Allohning marhamati bilan Eron xalqi xuddi fitnani yo‘q qilgani kabi, isyonchilarning ham belini bukib qo‘yishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eng yirik norozilik to‘lqini

Eron so‘nggi uch yildan ortiq vaqt ichidagi eng yirik namoyishlar markazida qolmoqda. Iqtisodiy qiyinchiliklar ortidan 2025-yil 28-dekabr kuni boshlangan noroziliklar tezda siyosiy tus olib, Islom Respublikasi tuzumiga qarshi namoyishlarga aylanib ketdi.

Inson huquqlari tashkilotlarining ta’kidlashicha, hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirishi va mamlakatda internet o‘chirib qo‘yilishi oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan. Eron rasmiylari esa bu namoyishlarni tartibsizliklar va “terrorchilik operatsiyalari” deb atab, ularni tashkil etishda AQSH va Isroilni ayblab kelmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar