Daryo

Crocus teraktiga aloqadorlarni umrbodga qamash talab qilindi

Jabrlanuvchilarning advokatlari ularga eng og‘ir jazo tayinlashni so‘ramoqda. Ayblanuvchilarga nisbatan fuqarolik da’volari ham kiritilgan.

1 daqiqa o‘qish44 419 ko‘rishlar0 izoh19

Moskva viloyatidagi Crocus City Hall’da terakt sodir etishga ayblangan 19 kishi umrbodga qamalishi mumkin. Jabrlanuvchilarning advokatlari ularga maksimal jazo berishni talab qilmoqda. Bu haqda jabrlanganlarning advokati Lyudmila Ayvar “TASS” bilan suhbatda xabar berdi.

“Jabrlanuvchilar tomoni teraktni bevosita amalga oshirgan shaxslar hamda unga aloqador boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan eng og‘ir va adolatli jazoni, jumladan, umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan choralarni qo‘llashni talab qiladi”, degan huquqshunos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap “qasos” haqida emas, balki “adolat va jamiyatni himoya qilish” haqida ketmoqda. Ayvar terrorizm nafaqat alohida fuqarolarga, balki “butun mamlakat xavfsizligiga ham zarba beradigan jinoyat” ekanini aytdi.

Shuningdek, u jabrlanganlarning pozitsiyasi barcha ayblanuvchilar muqarrar ravishda sodir etgan qilmishlari uchun javobgarlikka tortilishi kerakligidan iboratligini qayd etdi.

Bundan tashqari, advokat jabrlanuvchi tomon sudlanuvchilarga nisbatan fuqarolik da’volari ham kiritganini ma’lum qilgan. Himoya tomoni ularning qanoatlantirilishini ham talab qiladi. Da’volarning umumiy summasi o‘nlab million rublni tashkil etadi.

Crocus City Hall’dagi terakt 2024-yil 22-mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha qurollangan kishi konsert zali binosiga bostirib kirib, olomonni otib tashlagan, keyin esa binoni yoqib yuborgan. Terakt oqibatida 137 kishi halok bo‘lgan, 182 kishi jarohatlangan. Hujumni sodir etishda Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi ayblangan, ular aybiga iqror bo‘lgan. Mazkur holatdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan reydlar kuchaydi. 

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar