Daryo

Rossiya markaziy osiyolik sakkiz kishining fuqaroligini bekor qildi

Ular “Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid solgani”, fuqarolardan biri Crocus terakti gumonlanuvchisini soxta ro‘yxatga qo‘ygani ta’kidlandi.

2 daqiqa o‘qish6 616 ko‘rishlar0 izoh3

Rossiya Crocus City Hall’dagi terakt ijrochisiga yordam bergan shaxs va yana yetti nafar markaziy osiyolikni fuqarolikdan mahrum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Xabarga koʻra, fuqaroligi bekor qilingan Tver viloyatilik erkak xorijliklar va Rossiya fuqarolarini soxta roʻyxatga qoʻyish bilan shugʻullangan. U noqonuniy ravishda mamlakatda qolishiga koʻmaklashgan shaxslar qatorida Crocus City Hall’dagi terakt ishi boʻyicha gumonlanuvchi ham bor. Umumiy hisobda mazkur sakkiz nafar markaziy osiyolik “Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid solgani” uchun mamlakat fuqaroligidan mahrum etilgan.

Crocus City Hall’dagi terakt 2024-yil 22-mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha qurollangan kishi konsert zali binosiga bostirib kirib, olomonni otib tashlagan, keyin esa binoni yoqib yuborgan. Terakt oqibatida 149 kishi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qoldi, 609 kishi tan jarohati oldi. Hujumni sodir etishda Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi ayblangan, ular aybiga iqror bo‘lgan. Mazkur holatdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan reydlar kuchaygandi.

2026-yil 17-mart kuni Crocus City Hall’da teraktni ijro etishda ayblangan Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi umrbodga qamaldi. Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzov sud tomonidan terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish, qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi, terrorchi tashkilot faoliyatida ishtirok etish va terrorchilik hujumini sodir etishda aybdor deb topildi. 

Bundan tashqari, sud ularning har biriga 990 ming rubl miqdorida jarima tayinladi. Sud tergovning to‘rt kishi ham “Islom davlati Xuroson viloyati” guruhi a’zolari bo‘lgan degan xulosasiga qo‘shilgan. Ish bo‘yicha yana 11 kishi umrbod qamoq jazosiga, ayblanuvchilarga avtomobil va kvartira bergan Isroil, Dilovar va Aminchon Islomovlar 19 yil-u 11 oyga, ijrochilarga oq Reno Logan sotgan Alisher Qosimov esa 22 yil-u 10 oyga qamaldi.

Umrbodga hukm qilingan Yoqubjon Davlatxon Yusufzoda hibsxona kamerasida oʻz joniga qasd qildi. Voqea “Matrosskaya Tishina” tergov izolyatorida sodir bo‘lgan. Yana bir sudlanuvchi Jabroil Aushev ham o‘z joniga qasd qilishga uringan. Biroq izolyator xodimlari buni o‘z vaqtida payqab, uni qutqarib qolgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar