Daryo

Putin Tojikistondan migrantlarni uyushgan holda yollashni ma’qulladi

Migrantlar Rossiyaga kelishdan oldin o‘z vatanida tibbiy ko‘rik va daktiloskopiyadan o‘tkaziladi hamda kasbga tayyorlanadi.

1 daqiqa o‘qish6 137 ko‘rishlar0 izoh2

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston fuqarolarini mamlakatda ishlash uchun uyushgan holda yollash to‘g‘risidagi yangilangan bitimni tasdiqladi.

Bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi protokol 2025-yil 9-oktyabr kuni Dushanbe shahrida imzolangan edi. Hujjat Tojikistondan kelayotgan mehnat migrantlarini har ikki mamlakat hududida Rossiya kasb-hunar dasturlari bo‘yicha tayyorlashni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan Tojikiston fuqarolari o‘z vatanida daktiloskopiya (barmoq izi topshirish), suratga tushish va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun Rossiya Dushanbeda IIV vakolatxonasini va ushbu ishlarni muvofiqlashtiruvchi tashkilotni ishga tushiradi. Ushbu qaror Tojikistondan migrantlarni uyushgan holda olib kelishni rag‘batlantirish, ularga munosib, qonuniy hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan. Rossiya malakali ishchi kuchiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida ham tegishli o‘zgartirishlarni qabul qilgan.

Putin 2025-yilning kuzida Rossiyada Tojikistonning milliondan ortiq fuqarosi yoki respublika aholisining 10 foizi yashayotgani va ishlayotganini aytgandi. Shu bilan birga, Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi ekspertlari bu raqamni 3 million deb baholamoqda. Putinning ta’kidlashicha, ushbu mamlakatdan kelganlar qurilish, kommunal xo‘jalik, transport va logistika sohalariga faol jalb etilib, Rossiya iqtisodiyoti rivojiga “salmoqli hissa” qo‘shmoqda.

“Biz Tojikiston fuqarolariga munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlashga intilamiz”, degan edi u.

Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi o‘n yillikning oxiriga kelib mamlakatda kadrlar tanqisligi 3 million kishiga yetishini prognoz qilgan. Ukrainaga bostirib kirilgandan so‘ng mehnat bozoridagi muammolar yanada keskinlashdi: 300 ming kishi safarbar qilindi, 1 milliondan ortig‘i shartnoma asosisida harbiy xizmatga ketdi, ko‘plab fuqarolar esa xorijda doimiy yashash uchun mamlakatni tark etdi.

Demograf Igor Yefremovning fikricha, ommaviy emigratsiya ishchi kuchining 300-400 ming kishiga qisqarishiga olib keldi. Shu bilan birga, Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin, ya’ni 2015—2022-yillarda Rossiyaning mehnatga layoqatli aholisi soni 4,9 million kishiga kamaygan edi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar