“Demokrat.uz” internet nashri rahbari Fazliddinxon Mehmonov va blogerlik faoliyatini yurituvchi Aziz G‘oipnazarov tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ularga nisbatan poytaxt IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yilning 15-dekabr kuni gumonlanuvchi G‘oipnazarov Sergeli tumanida joylashgan avtosalonlardan birining faoliyatini obro‘sizlantiruvchi videomaterial tayyorlab, internet tarmog‘ida joylashtirgan. Shundan so‘ng “Demokrat.uz” internet nashri rahbari Mehmonov G‘oipnazarovlar tomonidan tayyorlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish hamda ushbu nashr tomonidan tayyorlangan, tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi alohida videolavhani OAVda joylamaslik evaziga, tovlamachilik yo‘li bilan jabrlanuvchidan jami 50 ming dollar talab qilgan.
Mehmonov jabrlanuvchidan 2026-yilning 29-yanvarida 3 ming dollarni olib, so‘ng 10-fevral kuni 17 ming dollarni olayotgan vaqtida jinoyat ustida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.
Toshkent shahar IIBB mazkur shaxslarning harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan eng yaqin Ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishni so‘radi.
Bundan avval “Taftish.uz” xodimlarining to‘rt nafari hamda saytning sobiq rahbari Gʻayrat Aberayev tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib ushlangani xabar qilingandi.








