Daryo

O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi qaysi stadionda o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Superligasi chempionligini qo‘lga kiritgan “Neftchi” hamda mamlakat kubogining amaldagi g‘olibi “Paxtakor” o‘rtasidagi bahs 15-mart kuni bo‘lib o‘tadi.

1 daqiqa o‘qish4 533 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston Superligasi chempionligini qo‘lga kiritgan “Neftchi” hamda mamlakat kubogining amaldagi g‘olibi “Paxtakor” o‘rtasidagi Superkubok uchrashuvi 15-mart kuni Andijon shahrida o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, bellashuv mezbonligi uchun Olmaliq hamda Namangan shahridagi stadionlar ham ariza topshirgan. Ammo Olmaliqdagi “OKMK” stadioni va Namangandagi “Markaziy” stadionda ta’mirlash ishlari davom etayotgani, ularning qayta foydalanishga topshirilish sanalari hozircha aniq emasligi sababli bu variantlardan voz kechilgan. Natijada Andijondagi “Bobur arena” eng maqbul variant sifatida tanlangan.

“So‘nggi yillarda ushbu o‘yin odatda may oyida tashkil etib kelingan. Biroq mamlakat bosh jamoasi Jahon chempionatida ishtirok etadigan mavsumda muxlislar uchun muhim bo‘lgan super bahs mart oyiga rejalashtirildi”, deyiladi O‘zPFL bergan xabarda.

Ma’lumot uchun, “Bobur arena” ketma-ket ikkinchi mavsum yirik futbol uchrashuviga mezbonlik qilmoqda. Bir yil avval O‘zbekiston kubogi finali tarixda ilk bor Andijon shahrida bo‘lib o‘tgandi. Ta’kidlash joiz, Andijon viloyati hozirga qadar Superkubok o‘yiniga mezbonlik qilmagan bo‘lib, ushbu bellashuv “Bobur arena” tarixida ham ilk Superkubok uchrashuvi sifatida qayd etiladi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar