Daryo

Termizdagi Indenim savdo-ko‘ngilochar markazi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Tekshiruv davomida markazda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilgani aniqlandi. Kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar obyekt faoliyati to‘xtatildi.

2 daqiqa o‘qish4 994 ko‘rishlar0 izoh0

Termiz shahrida joylashgan Indenim savdo-ko‘ngilochar markazida Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikromov tomonidan tekshiruv o‘tkazildi. Obyekt faoliyati yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy kamchiliklar sabab vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda vazirlik axborotida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, o‘rganish jarayonida savdo-ko‘ngilochar markazda yong‘in xavfsizligi qoidalari uzoq vaqt davomida bajarilmagani aniqlangan. Jumladan, evakuatsiya yo‘llari va zaxira chiqish eshiklari vaqtinchalik savdo nuqtalari bilan to‘sib qo‘yilgani, ayrim chiqishlar o‘zboshimchalik bilan yopilgani ma’lum bo‘lgan. Bu holatlar favqulodda vaziyat yuzaga kelganda tashrif buyuruvchilar hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi ta’kidlangan.

Shuningdek, tekshiruv davomida binodagi ichki yong‘in o‘chirish kranlarining nosoz holatda ekani aniqlangan. Yong‘in o‘chirish shlanglari chirib ketgani, ayrim kranlarda suv mavjud emasligi qayd etilgan. Mutasaddilarga ko‘ra, bu yong‘in sodir bo‘lgan dastlabki daqiqalarda uni bartaraf etish imkoniyatini keskin cheklaydi.

Bolalar o‘yingohi joylashgan qavatda ham qator kamchiliklar aniqlangan. Yong‘indan xabarlovchi signalizatsiyalar va tutun so‘ruvchi moslamalar ishlamagani, elektr kabellari betartib joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu holatlar yong‘in kelib chiqish xavfini oshirishi sababli bolalar o‘yingohi faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgan.

Bundan tashqari, savdo markazi hududida faoliyat yuritayotgan ijarachi tadbirkorlar tomonidan ham yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmagani aniqlangan. Evakuatsiya yo‘llarining to‘sib qo‘yilgani bo‘yicha ularga ham tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Indenim savdo-ko‘ngilochar markazining faoliyati kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilgan. Vazirlik bu kabi tekshiruvlar aholining xavfsizligini ta’minlashga qaratilganini, boshqa tadbirkorlar ham o‘z obyektlarida yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy amal qilishi zarurligini ta’kidlagan.

Idora 31-yanvar kuni Toshkentning Yashnobod tumanidagi Aviator savdo majmuasida yirik yong‘in sodir bo‘lishi ortidan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari rahbarlarini xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirgandi.

Murojaatda tadbirkorlar yong‘in xavfsizligi talablariga shaxsan mas’ul ekani yana bir bor eslatilgan. Talablar buzilgan taqdirda obyektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi, mas’ullarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik qo‘llanishi mumkinligi bildirilgan.

Shundan so‘ng Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida yong‘in xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzgan bir qator tadbirkorlik subyektlari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ikki qavatli Indenim savdo majmuasida 2021-yil 7-dekabr kuni kuchli portlash sodir bo‘lgandi. Oqibatda savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan.

Hodisa joyiga bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi safarbar etilgan. Komissiya tarkibiga IIV, FVV, Milliy Gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.

FVV Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi hodisa oqibatida 2 kishi vafot etgani, 9 nafari turli darajadagi tan jarohati olganini ma’lum qilgan. 226 ta ko‘chmas mulk obyektiga yetkazilgan zarar miqdori 22,6 milliard so‘mga baholangan. Shundan majmuaga yetkazilgan zarar miqdori 14,4 milliard so‘mni tashkil etgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar