Daryo

Isroil samolyotlari Livandagi qishloqlar ustiga zaharli modda purkadi

Laboratoriya namunalarida bu gerbitsid ekani aniqlangan. U saraton kasalligini keltirib chiqarishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish8 043 ko‘rishlar0 izoh4

Isroil samolyotlari Livan janubidagi qishloqlar ustiga qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan gerbitsid purkagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Livan Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi ushbu ma’lumotni tasdiqladi. Laboratoriya sinovlari natijalariga ko‘ra, olingan namunalarda o‘simliklarni yo‘q qilishda ishlatiladigan glifosat kimyoviy moddasi aniqlangan. Ayrim namunalar tarkibidagi modda konsentratsiyasi “odatda qabul qilingan darajadan 20-30 baravar yuqori” bo‘lgan.

Bu holat oziq-ovqat va ekologik xavfsizlikka oid jiddiy xavotirlarni keltirib chiqardi. Livan prezidenti Jozef Aun “zaharli moddalar”ni sepishni qoralab, buni Livan suverenitetining buzilishi, shuningdek, atrof-muhit va sog‘liqni saqlashga qarshi jinoyat deb atadi.

Isroil mudofaa kuchlari BBC’ga bu borada hech qanday izoh bera olmasligini ma’lum qildi. Qishloqlar ustiga gerbitsid purkashdan ko‘zlangan maqsad hozircha noma’lum.

Hafta boshida BMTning Livandagi tinchlikparvar kuchlari Isroil tomonidan chegara yaqinida kimyoviy modda sepish rejalashtirilayotgani haqida ogohlantirilgan. Ushbu xabar sabab tinchlikparvar kuchlar rejalashtirilgan ayrim operatsiyalarni bekor qilishga majbur bo‘lgan.

Livandagi Human Rights Watch tashkiloti tadqiqotchisi Ramzi Qaysning so‘zlariga ko‘ra, 2023–24-yillarda Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan keyin o‘n minglab odamlar hanuz ko‘chirilgan holda qolmoqda va uylariga qaytishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

“Bu hududlar asosan qishloq xo‘jaligiga tayangan — zaytunzorlar, tamaki va boshqa ekinlar mavjud. Ushbu hodisa odamlarning uylariga qaytishi, tirikchiligini saqlab qolishi va keng ko‘lamli vayronagarchilikdan keyin hayotini tiklashini yanada qiyinlashtirmoqda”, dedi Qays.

​Mutaxassislar ogohlantirishicha, bunday hodisalar nafaqat mahalliy ekotizimlarga zarar yetkazadi, balki Livanning qishloq xo‘jaligi sektori uchun kengroq iqtisodiy oqibatlarga ham olib keladi.

2024-yilgi mojaro Livan qishloq xo‘jaligiga, ayniqsa mamlakat janubi va Bekaa vodiysida, 700 million dollardan ortiq zarar yetkazgan. Livandagi “Yashil janubliklar” kabi ekologik tashkilotlar ham ushbu holat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va tuproq unumdorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

“Bu harakatlar allaqachon oq fosfor bilan zararlangan ekotizimlarga tahdid solmoqda, hasharotlar va tabiiy changlatuvchilar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda, biologik xilma-xillik, oziq-ovqat xavfsizligi va mahalliy aholining turmush tarziga putur yetkazmoqda”, deya ta’kidladi guruh.

​Biroq glifosatning xavfi borasida yakdil fikr mavjud emas. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Saratonni tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro agentligi uni “ehtimol, inson uchun kanserogen” deb tasniflab, Xodjkin limfomasi (limfa tizimiga ta’sir qiladigan saraton kasalliklari guruhi) bilan bog‘laydi. Ammo AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi va Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi esa uning inson uchun kanserogen xavf tug‘dirishi ehtimoldan yiroq, degan xulosaga kelgan. Livan tashqi ishlar vazirligi Isroilga qarshi BMT Xavfsizlik kengashiga rasmiy shikoyat kiritish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar