Livan janubidagi Kfar Rummon shahriga Isroil tomonidan berilgan zarbalar oqibatida kamida 11 kishi, jumladan, ikki bola va ikki nafar tibbiyot xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda Livanning davlat axborot agentligi xabar berdi.
Dastlabki zarba 7-sentyabrga o‘tar kechasi yarim tunda shahardagi turar joy binosiga berilgan. Oqibatda to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohatlangan. Alohida dron zarbasi oqibatida esa fuqarolik avtomobilida bo‘lgan ikki nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lgan.
Livandagi davlat axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Isroil harbiylari tomonidan aholini evakuatsiya qilish haqida onlayn ogohlantirish berilmagan holda amalga oshirilgan. Isroil harbiylari Reuters’ning zarbalar, jumladan, voqea joylarida bolalar va tibbiyot xodimlari borligi hamda nega evakuatsiya haqida ogohlantirish berilmagani haqidagi savollariga hozircha javob bermagan.
Isroil harbiylari 7-sentyabr kuni soat 02:00 dan ko‘p o‘tmay Livanning boshqa janubiy shaharchasidagi bino atrofida evakuatsiya qilish haqida alohida ogohlantirish bergan. Harbiylar u yerda “Hizbulloh” obyektlariga zarba berilishini bildirgan.
Isroil va Livandagi “Hizbulloh” o‘rtasidagi iyun oyidagi sulhga qaramay, so‘nggi kunlarda Livan janubidagi hujumlar kuchaygan. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Isroil zarbalari oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgan.
Isroilning Livanga zarbalari 2-mart kuni “Hizbulloh” Isroilga raketalar bilan hujum boshlaganidan beri 4 300 dan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Sulh kelishuvidan keyin zo‘ravonliklar sezilarli darajada kamaygan bo‘lsa-da, Isroil qo‘shinlari Livan janubining ayrim hududlarini nazorat qilishda davom etmoqda.








