2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 38 million 236 ming nafardan oshdi (yillik o‘sish 1,8 foiz). Shundan 19,25 million nafari erkak, 19 million nafari ayol. Eng ko‘p aholi Samarqand (4,38 million nafar) va Farg‘ona (4,22 million kishi) viloyatlarida yashamoqda.

Tug‘ilish qisqardi
2025-yilda mamlakatda oxirgi besh yil ichidagi eng kam tug‘ilish qayd etildi. Yil davomida respublikada 879,6 ming chaqaloq dunyoga kelgan. Shuning 454,7 ming nafari o‘g‘il, 424,9 ming nafari qiz bolalar. Eng ko‘p tug‘ilishlar aholi soni yuqori hududlar Samarqand (106,2 ming nafar) va Farg‘ona (98,3 ming) viloyatlarida qayd etilgan. Chaqaloqlarning 859 ming nafari bir nafardan tug‘ilgan.
O‘tgan yili 355,1 ming ayol 25 yoshgacha farzandli bo‘lgan. Bu jami tug‘ilishlarning 40 foizini tashkil qiladi. Yana 512 ming ona 25–39 yosh oralig‘ida farzand ko‘rgan bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning 58 foiziga teng.
Statistikaga ko‘ra, 2024-yilda respublikada jami 926,4 ming bola tug‘ilgan (2025-yildagidan 46,8 ming nafarga yoki 5 foizga ko‘p). Yil mobaynida 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar 364,1 ming chaqaloq tug‘gan. Bu o‘tgan yilgidan 11 ming nafarga ko‘p bo‘lib, umumiy tug‘ilishlarning 39,3 foizini tashkil etgan. 25–39 yoshdagi ayollar esa 550,8 ming bolani dunoyga keltirgan. Mazkur raqam jami tug‘ilishlarning 59,5 foiziga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, 2025-yilda 25 yoshgacha bo‘lgan onalar ulushi bir yil oldingidan biroz oshgan, 25–39 yoshda farzand ko‘rganlar ulushi esa pasaygan.

O‘tgan yili farzand ko‘rgan otalardan 718,8 ming nafari 25–39 yosh oralig‘ida, 97,9 ming nafari 25 yoshgacha bo‘lgan.
So‘ngi besh yil ichidagi eng yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichi 2023-yilda qayd etilgan bo‘lib, 962 ming chaqaloq dunyoga kelgan. 2021-yil (905,2 ming) va 2022-yilda (932,2 ming) ham tug‘ilishlar soni 900 mingtadan pasaymagan. Qolgan yillarda bundan past ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
O‘limlar soni ortgan
Oxirgi uch yilda mamlakatda o‘limlar soni ko‘payib bormoqda. Ammo hozircha bunda tug‘ilishga nisbatan ulush ancha past. Shu sabab aholi soni o‘sishda davom etmoqda. O‘tgan yili respublikada jami 177,1 ming odam vafot etgan. Ular orasida 97,5 ming erkak, 79,6 ming nafar ayol bo‘lgan. Shaharlarda 95,7 ming (54,1 foiz), qishloqlarda 81,4 ming kishi (45,9 foiz)olamdan o‘tgan.
Taqqoslash uchun, 2024-yilda mamlakatda 174,4 ming nafar odam vafot etgan. Qolgan yillardagi o‘lim ko‘rsatkichlari quyidagicha:
2021-yilda — 174,5 ming nafar;
2022-yilda — 172,1 ming nafar;
2023-yilda — 172,8 ming nafar.
O‘tgan yili respublikada qariyb 104,6 ming odam qon aylanish tizimi kasalliklaridan vafot etgan. O‘sma (16 ming kishi) va nafas (9,2 ming nafar) kasalliklardan o‘lim topganlar ulushi ham nisbatan yuqori bo‘lgan.
O‘rtacha yosh va umr davomiyligi
2025-yili O‘zbekistonda ayollarning o‘rtacha yoshi 30,1 yoshni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich 2021-yilda 29,7 yosh, 2022-yilda 29,8 yosh, 2023-yilda 29,9 yosh, 2024-yilda 30 yosh bo‘lgan. O‘tgan yili ayollar orasida eng yuqori o‘rtacha yosh Toshkent shahrida qayd etilgan — 33,9 yosh.
2025-yilda respublikada erkaklar o‘rtacha yoshi 28,6 yoshga yetgan. Bu 2021-yilda 28,3 yosh, 2022-2023-yillarda 28,4 yosh, 2024-yilda 28,5 yosh edi. O‘tgan yili erkaklar o‘rtacha yoshi yuqoriligi bo‘yicha ham poytaxt birinchilikni egallagan — 31,2 yosh.
Umuman olganda, mamlakatda o‘rtacha yosh ko‘rsatkichi qator rivojlangan davlatlardagidan yaxshi darajada. Masalan, Yevropa aholisining yarmi 44 yoshdan yuqoriligi haqida xabarlar bor. Yaponiyada eng yuqori o‘rtacha yosh ko‘rsatkichi qariyb 50 yoshga yetgan. Rossiyada ham o‘rtacha yosh darajasi nisbatan yuqori — 41 yosh atrofida.
Respublikada o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 2021-yildagi 73,8 yoshdan 2024 yakunida 75,1 yoshgacha uzaygan. Hududlarda yosh ko‘rsatkichi turlicha. Masalan, eng yuqori darajadagi o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi Toshkent shahrida qayd etilgan — 76,8 yosh.
Bugungi moliyaviy barqarorlik fonida o‘tgan yilda ham bu daraja oshgan bo‘lish ehtimoli yuqori, hozircha raqamlar ochiqlanmadi. O‘rtacha umr ko‘rish darajasi o‘sishi odamlar vafot etish davrini sekinlashtiradi, yaʼni aholi tez kamayib ketishining oldini oladi. Shu jihatdan qaralsa, umr davomiyligi uzayishi aholi soni o‘sishiga ijobiy taʼsir qilishi mumkin. Ikkinchi tarafdan esa o‘rtacha umr ko‘rish yoshi o‘sishi keksalar ko‘payishi va ularning ijtimoiy taʼminotida qamrovni kengaytirishni taqozo etadi.
Tahlil qilinishicha, o‘tgan yili O‘zbekistonda aholining 21 million nafardan ortiq qismi mehnatga layoqatli yoshda ekani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2021-yilda 20,1 million, 2022-yilda 20,3 million, 2023-yilda 20,5 million, 2024-yilda 20,7 million nafar bo‘lgan.








