Xitoyda tug‘ilish ko‘rsatkichi 1949-yilda Xalq Respublikasi tashkil topganidan buyon eng minimal darajaga tushib ketdi. Bu haqda TRT World xabar berdi.
Demografik inqiroz
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2025-yilda har 1000 kishiga to‘g‘ri keladigan tug‘ilish soni 5,6 tani tashkil etgan. Yil davomida jami 7,9 million chaqaloq dunyoga kelgan — bu ko‘rsatkich 1,6 millionga kam bo‘lib, mazkur pasayish 2020-yildan beri kuzatilgan eng keskin qisqarish sifatida qayd etildi.
Tug‘ilishning kamayishi fonida Xitoyning umumiy aholisi soni bir yilda 3,4 million kishiga qisqardi. Bu mamlakat aholisining ketma-ket to‘rtinchi yil kamayishidir. Ma’lumot o‘rnida, 2021-yildan boshlangan pasayishdan so‘ng 2024-yilda Xitoy aholisi 1,4 milliard kishini tashkil etgandi.
Nikohlar kamayib, ajrimlar ko‘paymoqda
Pekin ma’murlari prezident Si Szinpin boshchiligida “tug‘ilish uchun qulay” jamiyat yaratishga, naqd pul subsidiyalari va uzaytirilgan ota-ona ta’tillari kabi imtiyozlarni joriy etishga urinayotgan bo‘lsa-da, natijalar kutilganidek bo‘lmayapti.
Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:
- Nikohlar soni. 2024-yilda mamlakatda 1980-yildan beri eng kam nikoh qayd etilgan. Jami 6,1 million juftlik oila qurgan, bu 2023-yilga nisbatan 20,5 foizga kamdir.
- Ajrimlar. Ajrashish ko‘rsatkichi esa 1,1 foizga oshgan.
- Ijtimoiy bosim. Tug‘ish yoshidagi ayollar sonining kamayishi, ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar sababli yoshlarning nikoh va farzand ko‘rishni kechiktirayotgani demografik bosimni yanada kuchaytirmoqda.
Bundan oldin Xitoy hukumati tomonidan mamlakatda tug‘ilishni rag‘batlantirish maqsadida kontratseptiv vositalar (prezervativlar, tug‘ilishni nazorat qiluvchi hapdorilar va boshqalar) uchun 13 foizlik savdo solig‘i joriy etilgani haqida xabar berilgandi. Islohot doirasida bolalar bog‘chalari, oila qurish bilan bog‘liq xizmatlar va keksalar parvarishi ham qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan.
Iqtisodiy o‘sish
Demografik muammolarga qaramay, Xitoy iqtisodiyoti 2025-yilda hukumat belgilagan rejani bajardi. Dushanba, 19-yanvar kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YIM) 5 foizga o‘sgan. Ya’ni YIM hajmi rekord darajadagi 140 trillion yuanga (taxminan 20 trillion dollar) yetgan.
Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti hisoblangan mamlakat bunday o‘sishga ichki talabning sustligi, deflyatsiya tendensiyalari, ko‘chmas mulk sohasidagi uzoq davom etayotgan inqiroz va AQSHning tarif siyosati bilan bog‘liq tashqi noaniqliklarga qaramay erishgan.








