Germaniya huquq-tartibot idoralari Rossiya harbiy-sanoat majmuasi bilan hamkorlik qilishda gumonlangan besh kishini hibsga oldi. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ular Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini buzgan holda rus korxonalarini kamida 30 million yevrolik mahsulotlar bilan ta’minlagan.
Federal prokuratura bayonotida aytilishicha, ayblanuvchilar bu uchun Boltiq dengizi bo‘yidagi Lyubek shahrida joylashgan kompaniyadan foydalangan. Ular ushbu sxema orqali Rossiyaning, taxminan, 24 ta qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga qariyb 16 mingta jo‘natma yuborgan.
Ularning noqonuniy faoliyati Germaniya bojxona va tashqi razvedka idoralari hamkorligida fosh etilgan. Prokurorlarga ko‘ra, ayblanuvchilar Rossiya davlat idoralari tomonidan boshqarilgan bo‘lishi mumkin. Hibsga olinganlar orasida savdo kompaniyasining rahbari Nikita S. ham bor. U Germaniya va Rossiya fuqaroligiga ega.
Ma’lum qilinishicha, ushbu sxemadan maqsad Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi embargo choralarini chetlab o‘tish bo‘lgan. Shu bois ular bitimlarni yashirish uchun Lyubek shahrining o‘zida yana kamida bitta soxta kompaniya tuzib, Yevropa Ittifoqi ichida va tashqarisida qalbaki mijozlardan foydalangan. Biroq hozircha qaysi turdagi mahsulotlar noqonuniy eksport qilingani ochiqlanmagan.
Tergov doirasida Frankfurt va Nyurnberg shaharlari, shuningdek, yana ikkita manzilda tintuv o‘tkazilgan. Shu bilan birga, mazkur ish bo‘yicha yana besh nafar gumondor aniqlangan bo‘lib, hozircha ular ozodlikda qolyapti.








