AQSH Yaqin Sharqqa qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalarini yubormoqda. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi ma’lumotlari, parvozlar monitoringi va sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi xabar berdi.
Bu tizimlar Eronga zarba berilgan taqdirda Isroil, arab ittifoqchilari va Amerika qo‘shinlarini himoya qilishga qaratilgan. Amerika rasmiylariga ko‘ra, agar prezident Tramp hoziroq hujum qilishga buyruq bersa, AQSH qurolli kuchlari Eronga “cheklangan aviahujumlar” uyushtirishi mumkin.
Biroq Donald Tramp harbiylarga tayyorlashni topshirgan “qat’iy hujum” Eronning mutanosib javobini keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois AQSH Isroil va o‘z qo‘shinlarini himoya qilish uchun ishonchli havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega bo‘lishi zarur, dedi WSJ bilan suhbatlashgan rasmiylar.
Pentagon hozirda Yaqin Sharq bo‘ylab AQSH harbiy bazalariga THAAD raketaga qarshi majmualari hamda Patriot zenit-raketa kompleksining qo‘shimcha batalyonlarini joylashtirmoqda. Bu jarayon Iordaniya, Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni va Qatarni ham qamrab olgan.
Maqolada qayd etilishicha, THAAD joylashtirilishi — bu AQSH ehtimoliy mojaroga tayyorgarlik ko‘rayotganining ayniqsa yaqqol belgisi, chunki bu tizimlar amerikaliklarda cheklangan miqdorda mavjud.
Oyatulloh Xomanaiy AQSH Eronga zarba bergan taqdirda “mintaqaviy urush” bilan tahdid qildi
Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy 1-fevral kuni Vashington jangovar harakatlarni boshlasa, “bu safar mintaqaviy urush bo‘lishi"ni aytdi.
Bu bayonot Xomanaiyning so‘nggi vaqtlardagi eng ochiq tahdidi sifatida baholanmoqda. Ayni paytda Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘ldi. U Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqotda diplomatik jarayonlarni boshlash zarurligini ta’kidladi.“Biz tashabbuskor emasmiz va hech qanday davlatga hujum qilishni maqsad qilmaymiz. Ammo Eron xalqi unga hujum qilgan yoki tahdid qilgan har qanday kishiga qattiq zarba beradi”, dedi Eronning 86 yoshli ma’naviy yetakchisi davlat televideniyesi efirida.
“Eron hech qachon urushga intilmagan va hozir ham intilmayapti. Islom Respublikasi urush Eronga ham, AQSHga ham, mintaqaga ham foyda keltirmasligiga ishonadi”, degan u.

.jpg)
Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval