Daryo

Eron AQSH kemalari yaqinida harbiy mashgʻulotlar oʻtkazadi

Hormuz boʻgʻozida oʻt ochish mashgʻulotlari boʻlib oʻtadi. AQSH Eron katerlari uning kemalariga yaqinlashishiga toqat qilmasligidan ogohlantirdi.

2 daqiqa o‘qish11 712 ko‘rishlar0 izoh17

Eron 1-fevraldan boshlab Hormuz bo‘g‘ozida ikki kunlik harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Bu e’lon AQSH oʻzining “Abraham Linkoln” aviatashuvchisi va boshqa harbiy kuchlarini Yaqin Sharqqa joylashtirganidan keyin yangradi.

AQSH markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron armiyasini bundan ogohlantirib, AQSH harbiy kemalari ustidan uchish kabi “xavfsiz bo‘lmagan” manyovrlarga, jumladan, Eron tezyurar katerlarining AQSH kemalari bilan to‘qnashuv darajasida yaqinlashishiga toqat qilmasligini bildirdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik so‘nggi haftalarda kuchayib bormoqda. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Eronda hukumatga qarshi namoyishlar bostirilgani hamda Eron yadroviy dasturini cheklash masalasi sababli mamlakatga hujum qilish bilan bir necha bor tahdid qilgani sabab bo‘lmoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 30-yanvar kuni uning mamlakati “adolatli va halol” muzokaralarga tayyorligini aytdi. Biroq Trampning ilgari surgan asosiy talablarini rad etdi. Aroqchining ta’kidlashicha, Eronning mudofaa strategiyasi va raketa tizimlari hech qachon muzokaralar mavzusi bo‘lmaydi.

Eron armiyasi bosh qo‘mondoni Amir Hotamiyning aytishicha, Isroil bilan so‘nggi 12 kunlik urush mamlakatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlagan va Eronni keyingi hujumlarga yaxshiroq tayyorlagan. U bu mojaro raqiblarining kuchli va zaif tomonlarini aniqlash imkonini berganini ta’kidladi.

Eronning bo‘lajak harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joy haqida nimalar ma’lum?

Hormuz bo‘g‘ozi — Fors ko‘rfazining tor kirish qismi bo‘lib, kosmosdan qaralganda egri burilishga o‘xshaydi. U Ummon ko‘rfaziga quyiladi. Shu yo‘l orqali kemalar dunyoning boshqa hududlariga chiqadi.

Hormuz bo‘g‘ozida Eron va Ummonning hududiy suvlari mavjud. Shunga qaramay, u xalqaro suv yo‘li sifatida qaraladi va barcha davlatlar kemalari bu yerda erkin qatnashi mumkin. Birlashgan Arab Amirliklari ham ushbu suv yo‘liga yaqin joylashgan.

Hormuz bo‘g‘ozi tarix davomida savdo uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, Xitoydan keramika, fil suyagi, ipak va to‘qimachilik mahsulotlari aynan shu hudud orqali olib kelingan. Zamonaviy davrda esa, yirik neft tankerlarining qatnovi uchun bo‘g‘ozning chuqurligi va kengligi yetarli ekani isbotlangan.

Saudiya Arabistoni va BAAda ayrim neft quvurlari mavjud bo‘lib, ular bo‘g‘ozni chetlab o‘tishga imkon beradi. Biroq bo‘g‘ozdan o‘tayotgan neft hajmlarining aksariyati mintaqani tark etish uchun boshqa muqobil yo‘lga ega emas.

Bo‘g‘oz orqali o‘tayotgan neft va gazning katta qismi Osiyo bozorlariga yo‘naltiriladi. Ushbu yoʻnalishga tahdidlar ilgari ham jahon energetika narxlarining keskin oshishiga olib kelgan. Jumladan, 2025-yil iyun oyida Isroilning Eronga qarshi 12 kunlik urushi davrida shunday holat kuzatilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar