O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov UEFA Chempionlar Ligasining 8-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” — “Galatasaroy” uchrashuvida (2:0) asosiy tarkibda maydonga tushib, 90 daqiqa davomida harakat qildi.
Husanov o‘yin davomida 48 marta to‘p bilan muomala qildi. U jami 40 ta uzatma amalga oshirdi va ularning 34 tasi manzilga aniq yetib bordi — 85 foiz aniqlik. Sofascore portali futbolchining o‘yinini 6,8 ball bilan baholadi.
Abduqodir Husanovning himoyadagi ko‘rsatkichlari:
- Himoyaviy harakatlar — 5 marta
- Faol kurash orqali to‘pni olib qo‘yish — 2 marta (1 tasi muvaffaqiyatli)
- Raqib uzatmalarini to‘xtatib qolish — 1 marta
- Tozalashlar — 4 marta
- Havodagi kurashlar — 3 marta (1 tasi muvaffaqiyatli)
“Manchester Siti”ning himoya va hujum chizig‘ida samarali harakat qilgan Rayan Ait-Nuri Sofascore talqiniga ko‘ra uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi — 8,3 ball. “Shaharliklar”ning ikkinchi goliga mualliflik qilgan Rayan Sherkining o‘yini 8,2 ball, birinchi gol muallifi Erling Holand — 7,7 ball, Husanovning markaziy himoyadagi sherigi Natan Ake — 7,2 ball, darvozabon Janluiji Donnarumma esa 7,6 ball bilan baholandi.
Mazkur g‘alaba evaziga “Manchester Siti” 16 ochko bilan turnir jadvalida 8-o‘rinni egalladi va 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ushbu bosqichda jamoa “Real Madrid”, “Inter”, “Budyo-Glimt” yoki “Benfika” klublaridan biriga qarshi bahs olib boradi.








