Argentinaning “Rosario Sentral” klubi yarim himoyachisi Anxel Di Mariya zamonaviy futbolning ikki yulduzi — Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning o‘rtasidagi farq haqida fikr bildirdi.
“Professionallik nuqtayi nazaridan Krishtianu — birinchi raqam. Uning mehnatsevarligi, doimiy ravishda yuqori darajani saqlab qolishda yordam beradi. Messi bilan raqobatda eng yaxshisi bo‘lishga intilishi esa chinakam tahsinga loyiq. Ammo uning faoliyati Messi davriga to‘g‘ri kelgani maqsadga erishishni ancha qiyinlashtirdi.
Ronaldu tinimsiz mehnat qilib birinchi raqam bo‘lishga intilgan, biroq Messi kiyinish xonasida mate (Janubiy Amerikada mashhur bo‘lgan ichimlik — tahr) ichib o‘tirgan paytidayoq Xudo bergan iste’dod bilan eng yaxshisi ekanini isbotlagan”, deydi Anxel Di Mariya.
Ma’lumot uchun, Anxel Di Mariya 2010—2014-yillar Ronaldu bilan “Real Madrid”da to‘p tepgan. Messi bilan esa Argentina terma jamoasida birga o‘ynagan. Futbolchi 2025-yilning yanvar oyidan beri “Rosario Sental” klubi sharafini himoya qilib keladi. U hozirga qadar ushbu jamoa safida 56 ta uchrashuvda ishtirok etib, 14 ta gol va 5 ta assist muallifiga aylangan. Uning klub bilan shartnomasi 2026-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali Di Mariyaning qiymatini 2 million yevroga baholagan.








