Portugaliyalik futbol agenti Paulu Barboza Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining bir klubda to‘p surishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Avvalroq “Inter Mayami” egasi Devid Bekhem portugaliyalik yulduzning Saudiya Arabistonidagi faoliyatini diqqat bilan kuzatayotgani va ikki afsonani bir jamoaga birlashtirishni maqsad qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq agent bu voqealar rivojiga shubha bilan qaramoqda.
“Ronaldu o‘z ‘boykotini’ allaqachon yakunladi. Hozircha bu orzuning amalga oshishi imkonsiz. Albatta, bu go‘zal manzara bo‘lar edi, lekin Ronaldu va Messining o‘zlari bir jamoada o‘ynashni xohlashlariga ishonmayman”, deya Barbozaning so‘zlarini keltirmoqda Euro-Football nashri.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu Riyod klubining transfer siyosatidan norozi ekani va uning yozda jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar fonida AQSH klubi portugaliyalik hujumchiga qiziqish bildirgani haqida xabar berilgan edi. unga ko‘ra, “Inter Mayami” egasi Devid Bekhem Ronalduni jamoaga taklif etish variantini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Ronaldu Saudiya Proligasining joriy mavsumida 18 ta o‘yinda maydonga tushib, 17 ta gol urishga erishdi. Uning “An-Nassr” bilan shartnomasi 2027-yilning o‘rtalariga qadar amal qiladi.








