Migratsiya agentligi 2025-yilda chet elda og‘ir ahvolga tushib qolgan nechta fuqaro ortga qaytarilgani hamda xorijdagi fuqarolarga ish beruvchilardan qancha mablag‘ undirib berilganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilda murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan 3 709 nafar o‘zbekistonlik 22 ta davlatdan ortga qaytarilgan. Ushbu tadbirlarga esa 15,9 milliard so‘m ajratilgan.
Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan 30-iyul—30-avgust kunlari ilk bor amalga oshirilgan “Vatanga qaytarish” xayriya aksiyalarining o‘zida 1 300 kishi yurtga olib kelingan. Bunda 66 nafar fuqaro baxtsiz hodisa yoki og‘ir kasallikdan so‘ng qaytarilgan.
Shu bilan birga, oylik ish haqlarini kompensatsiya qilish bo‘yicha 3 089 nafar fuqaroning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Ularga jami 1,9 million dollar chet ellik ish beruvchilardan undirib berildi.
Yilda davomida ishsiz qolgan 9 249 nafar o‘zbekistonlikning bandligi taʼminlanib, 406 nafar fuqaroning olib qo‘yilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari qaytarilgan.
O‘zbekistonga xorijdan kelgan pul o‘tkazmalari hajmi 2025-yilning 11 oyida 17,3 milliard dollarni tashkil etib, 25 foizga oshdi. Bu 2024-yilning yanvar—noyabr oylariga nisbatan 3,5 milliard dollarga ko‘p.
Xorijda og‘ir moddiy vaziyatga tushib qolgan 4 085 nafar fuqaroga 746 500 AQSH dollari miqdorida yordam ajratilgani ham xabar qilingandi.








