Oʻzbekistonga xorijdan kelgan pul oʻtkazmalari hajmi 2025-yilning 11 oyida 17,3 milliard dollarni tashkil etdi.
Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida ma’lum qilinishicha, bu oʻtgan yilning yanvar—noyabr oylariga nisbatan 25 foizga yoki 3,5 milliard dollarga koʻp.
Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27 foizga oshib, 8,2 milliard dollarga yetgandi. O‘shanda pul o‘tkazmalarining 78 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi. Undan keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva va boshqa davlatlardan pul jo‘natilgandi.
Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilishicha, 11 oy davomida pul oʻtkazmalarining oylik hajmi notekis boʻlgan. Eng yuqori koʻrsatkich iyul oyida qayd etilib, oʻsha oyda mamlakatga 1,97 milliard dollar kirib kelgan. Keyingi oylarda pasayish kuzatilgan. Xususan, oktyabr oyida oʻtkazmalar 1,86 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, noyabrda bu koʻrsatkich yana qisqarib, 1,48 milliard dollargacha tushgan.
2025-yil dekabrigacha transferlar miqdori:
- yanvar — 1,06 mlrd dollar;
- fevral — 1,07 mlrd dollar;
- mart — 1,21 mlrd dollar;
- aprel — 1,43 mlrd dollar;
- may — 1,64 mlrd dollar;
- iyun — 1,78 mlrd dollar;
- iyul — 1,97 mlrd dollar;
- avgust — 1,90 mlrd dollar;
- sentyabr — 1,83 mlrd dollar;
- oktyabr — 1,86 mlrd dollar;
- noyabr — 1,48 mlrd dollar.
Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan 2,4 milliard dollar miqdorida valyuta mablag‘lari chiqib ketgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 157 million dollarga kam.








