Daryo

Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi

O‘zbekistonda 20 mingga yaqin mahalla tizimi xodimlari va “mahalla yettiligi” vakillari malakasini oshirish rejalashtirilgan. “Mahalla yettiligi” a’zolarining vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni yuklash qat’iy taqiqlanadi.

2 daqiqa o‘qish10 246 ko‘rishlar0 izoh5

O‘zbekiston Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etilishi kutilmoqda. Bu haqda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari loyihasida ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, institut hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy filiallarini 2026-yil 1-martga qadar tashkil etish rejalashtirilgan. Mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hamda mahalla tizimidagi rahbar va mutaxassis kadrlarning aniq reja-grafikka asosan bir yilda bir marta malakasini oshirish tizimi joriy qilinadi.

Loyihaga ko‘ra, 20 mingga yaqin mahalla tizimi xodimlari va “mahalla yettiligi” vakillari malakasini oshirish tizimi va magistratura ta’lim mutaxassisligi joriy etiladi. 2026/27-o‘quv yilidan boshlab jami 120 nafar mahalla tizimi xodimi va “mahalla yettiligi” vakili magistraturada o‘qishi tashkillashtiriladi.

Milliy institutda “Mahalla boshqaruvi”, “Hududiy rejalashtirish va rivojlanish”, “Liderlik va barqaror rivojlanish”, “Ijtimoiy loyihalarni boshqarish va muvofiqlashtirish” ta’lim mutaxassisliklari bo‘yicha magistratura bosqichida quyidagi shartlarda o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yiladi:

  • ishlab chiqarishdan ajralgan holda bir yillik;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ikki yillik o‘qitish tizimi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan milliy institutga uning faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 5 milliard so‘m mablag‘ ajratish, institut va uning hududiy filiallarini bino bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

“Mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil etish jarayonlari isloh qilinadi

Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim va soliq inspektorini ularning bo‘ysunuvidagi tashkilotlar taqdimnomasiga asosan tuman (shahar) hokimi tomonidan lavozimga tayinlash va fuqarolar yig‘ini raisi taqdimnomasiga asosan lavozimidan ozod etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 23-yanvar kungi prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ma’lum qilindi.

500 ta mahallada eksperiment tariqasida “mahalla yettiligi” vakillarini ularning o‘zi istiqomat qilayotgan va yondosh mahalladan tayinlash amaliyotini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

“Mahalla yettiligi” a’zolarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish faqat fuqarolar yig‘ini raisining ruxsati bilan amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalarni yuklashni qat’iy taqiqlash rejalashtirilgan.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tomonidan mazkur talabni buzgani uchun davlat organlari hamda tashkilotlari mas’ul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha har oyda bosh vazirga takliflar kiritib boriladi.

Ushbu hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 7-fevralga qadar davom etadi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar