Isroil harbiylari G‘azo shimoliga drondan zarba berdi. Hujum oqibatida o‘tin terayotgan ikki nafar falastinlik bola halok bo‘ldi. Shunday qilib, AQSH vositachiligida sulh bitimi imzolanganidan buyon o‘ldirilgan g‘azoliklar soni 483 nafarga yetdi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, holat Beyt Lahiya hududida sodir bo‘lgan. Drondan berilgan zarba natijasida 13 yoshli Salman az-Zavora va uning 15 yoshli amakivachchasi Muhammad az-Zavoralar vafot etgan.
Bundan bir necha kun avval ikki nafar chaqaloq sovuq urishi natijasida olamdan o‘tgandi. Falastin sog‘liqni saqlash mulozimlariga ko‘ra, qish mavsumi boshlanganidan buyon sovuq urishi oqibatida vafot etgan bolalar soni 10 nafarga yetgan.
Isroil tomonidan joriy etilgan qamal sabab qish mavsumi g‘azoliklar uchun og‘ir keldi. Qishlash uchun zarur vositalar, jumladan, vaqtinchalik boshpanalar yetishmasligi bois gumanitar inqiroz yanada chuqurlashgan. Aholining katta qismi isitish vositalarisiz eskirgan chodirlarda yashashga majbur bo‘lyapti.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh kuchga kirgan 2025-yil 11-oktyabrdan buyon halok bo‘lgan g‘azoliklar soni 483 nafarga, jarohatlanganlar esa 1 313 nafarga yetgan. Tibbiy brigadalar shu davr ichida 713 jasadni vayronalar ostidan olib chiqqan.








