Daryo

“Uxlasak, tishlaydi”: G‘azo lageridagi bolalarga kalamushlar hujum qilmoqda

Ota-onalar kalamush va sassiqko‘zanlar hujumidan himoyalanish uchun tuni bilan navbatchilik qilmoqda. Shifokorlar kemiruvchilar kasallik tarqatishidan xavotirda.

2 daqiqa o‘qish9 406 ko‘rishlar0 izoh8

G‘azoda falastinliklar yashayotgan chodir lagerlarida kalamush va sassiqko‘zanlar ko‘paydi. Ular tunda bolalarga hujum qilib, ularning qo‘l va oyoqlarini tishlamoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Aholi kalamushlar ularning buyumlarni kemirayotgani va kasallik tarqatayotganidan xavotirda. Isroil hujumlari sababli G‘azoda 2 milliondan ortiq aholining aksariyati o‘z uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Hozirda ular vayron bo‘lgan uylar yoki vaqtinchalik chodirlarda hayot kechirmoqda.

Xon Yunusdagi lagerda yashovchi 20 yoshli Amani Abu Selmi to‘yidan bir necha kun oldin kemiruvchilar uning kiyimlari va marosim buyumlarini kemirib tashlaganini aytdi. U to‘y uchun kiyiladigan kashta tikilgan ko‘ylagida teshiklarni aniqladi.

“Xursandchiligim qayg‘uga aylandi. To‘y buyumlarimdan ayrildim”, dedi u.

Chodirda yashovchi Halil al-Mashharaviyning so‘zlariga ko‘ra, kalamush 3 yoshli o‘g‘lining qo‘l va oyoqlarini tishlab olgan. 24-aprel kuni uning o‘zini tishlagan. U rafiqasi bilan tunda navbatchilik qilib, bolalarni kalamushlardan himoya qilayotganini aytdi.

“Ular bizga uyquda bo‘lgan paytimiz hujum qiladi. Kalamushlar bir-ikki kun g‘oyib bo‘lishi mumkin, keyin yana ko‘rinish beradi”, dedi G‘azo shimolidagi Tuffa mahallasidagi xarobalarda oilasi bilan yashaydigan 26 yoshli Al-Mashharaviy.

“Tunda uxlay olmaymiz! Agar uxlasak, bolalarni tishlaydi, bizni bezovta qiladi. Sassiqko‘zan va kalamushlar juda ko‘p. Bunga chidab bo‘lmaydi. Kalamushlar kiyimlarimizni teshib, unimizni yedi”, deydi G‘azo shahridagi chiqindi poligoni yonida to‘rt nafar farzandi bilan yashaydigan Rizq Abu Laylo.

Foto: BBC
Foto: Al Jazeera
Foto: Middle East Eye

G‘azodagi “Al-Shifa” shifoxonasi rahbari Muhammad Abu Selmiyaning aytishicha, yoz yaqinlashayotgani va Isroilning zararkunandalarga qarshi kurash vositalarini taqiqlashi fonida muammo yanada kuchayishi mumkin. Isroil odatda ikki tomonlama harbiy yoki fuqarolik maqsadlarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlarning G‘azoga kirishini cheklaydi.

Isroil harbiy idorasi (COGAT) sanitariya muammosini hal qilish uchun so‘nggi haftalarda anklavga qariyb 90 tonna zararkunandalarga qarshi kurashish vositasi va 1000 dan ortiq qopqonlar olib kirishni ma’qullagan.

“Shifoxonalarda har kuni kemiruvchilar bilan bog‘liq holatlar tufayli murojaat qilayotgan bemorlar, ayniqsa bolalar va keksalar qayd etilmoqda”, dedi Abu Selmiya.

U kalamush tishlaganidan so‘ng isitma, leptospiroz (infeksion kasallik) va hatto o‘lat kabi xavfli kasalliklar tarqalishi borasida ham xavotirlar mavjudligini aytdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar