Bugun, 15-fevral kuni Isroil G‘azo sektorining turli hududlariga havodan zarba berdi. Reuters’ning Falastin rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, kamida 11 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Tel-Aviv esa sulhni buzishda HAMASni ayblab, aviazarbalar javob chorasi bo‘lganini ta’kidladi.
G‘azoda faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlarning agentlikka ma’lum qilishicha, Isroil samolyotlaridan biri ko‘chirilgan oilalar chodir tikib yashayotgan lagerni nishonga olgan. Natijada kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Bundan tashqari, Xon Yunisda yana to‘rt kishi, anklav shimolida esa bir nafar g‘azolik o‘ldirilgan.
Bundan tashqari, Isroil harbiy havo kuchlari G‘azoning Tel al-Hava hududiga ham zarba bergan. Hujum nishonida “Falastin islomiy jihod” guruhi qo‘mondoni bo‘lgani aytilmoqda. Hozircha qurolli guruh holat yuzasidan bayonot bermadi.
HAMASning G‘azodagi vakili Hazem Qosim Isroilning zarbalariga munosabat bildirib, buni ko‘chirilgan falastinliklarga nisbatan yangi qirg‘in deb atadi. Shuningdek, yahudiy davlati sulh shartlarini jiddiy ravishda buzganini ta’kidladi.
Isroil armiyasi vakili esa Reuters bilan suhbatda zarbalar “yuqori aniqlikda va xalqaro huquqqa muvofiq” berilganini ta’kidladi. U, shuningdek, Falastin qurolli guruhi sulh imzolangan 2025-yil oktyabr oyidan buyon uni bir necha bor buzganini da’vo qildi.
Bu Isroil va HAMAS bir-birini sulhni buzishda ayblagan yagona holat emas. AQSH vositachiligidagi tinchlik bitimi kuchga kirganidan buyon yahudiy davlat G‘azoga vaqti-vaqti bilan zarba berib, kamida 600 nafar g‘azolikni o‘ldirgan. HAMAS kafil tomonlarga murojaat qilib, Isroilning harakatlarini tiyib qo‘yishga chaqirgan.“Isroil mudofaa kuchlari yaqinidan qurollangan holda ‘sariq chiziq’ni kesib o‘tish sulhning ochiq buzilishidir. Bu HAMAS sulh kelishuvini tizimli ravishda buzib, Isroil askarlariga zarar yetkazishga urinayotganini ko‘rsatadi”, dedi u.








