Daryo

Isroil 2023-yil oktyabridan buyon urushlarga qariyb 205 milliard dollar sarfladi

Xarajatlarning o‘sishi soliq yukining ortishiga, hayot narxining qimmatlashishiga olib kelgan va bu, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesga og‘ir ta’sir ko‘rsatgan.

1 daqiqa o‘qish5 986 ko‘rishlar0 izoh3

Isroilning 2023-yil 7-oktyabridan beri G‘azo, Livan, Suriya va Erondagi urushlarga qilgan umumiy iqtisodiy xarajatlari 700 milliard shekelga (taxminan 205 milliard dollar) yaqinlashdi. Bu haqda Isroilning Zman Yisrael nashri xabar berdi.

“Isroil banki ma’lumotlariga asoslanadigan bo‘lsak, davlatning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlari allaqachon 118 milliard dollardan oshgan. Shundan taxminan 71,2 milliard dollar harbiy ehtiyojlarga, 9,6 milliard dollar kompensatsiya to‘lovlariga, 16,7 milliard dollar fuqarolik xarajatlariga sarflangan. Yana 5,5 milliard dollar esa oshib borayotgan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni tashkil etgan”, deyiladi maqolada.

Mualliflar AQSHning Isroilga ko‘rsatgan harbiy yordami — qurol-yarog‘, o‘q-dori va texnika yetkazib berish qiymatini ham taxminan 26 milliard dollarga baholagan.

Byudjet xarajatlaridan tashqari, mamlakat iqtisodiyoti ham jiddiy zarar ko‘rgan. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yil oktyabridan 2025-yil oxirigacha ishlab chiqarish hajmining pasayishi oqibatidagi yo‘qotishlar 51,9 milliard dollarga yetgan, 2026-yilgi voqealarni hisobga olganda esa 58,6 milliard dollardan oshib ketishi mumkin.

“Davlat xarajatlari, Amerikaning harbiy yordami va iqtisodiyotdagi yo‘qotishlarni inobatga olganda, urushlarning umumiy qiymati qariyb 205 milliard dollarga yetmoqda”, deydi mualliflar.

Hisob-kitoblarga fuqarolarning davlat tomonidan qoplanmagan shaxsiy zararlari hamda xususiy sektor yo‘qotishlarining katta qismi kiritilmagan. Mualliflarning ta’kidlashicha, mojarolar davom etadigan bo‘lsa, moliyaviy yuk ham o‘sishda davom etadi.

Tadqiqotga ko‘ra, davlat xarajatlarining o‘sishi soliq yukining ortishiga, hayot narxining qimmatlashishiga olib kelgan va bu, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesga og‘ir ta’sir ko‘rsatgan.

“Hozirgi harbiy kampaniyalar iqtisodiy nuqtai nazardan Isroil harbiy tarixidagi eng qimmat davr bo‘lib, uning oqibatlari yana ko‘p yillar davomida sezilib turadi”, deyiladi maqolada.

Avvalroq Isroil va Livan o‘rtasida Vashingtonda yana kelishuv imzolangani xabar qilingandi.​

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar