AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining G‘azo sektorini tiklash rejasi Falastin anklavini kamida 10 yilga Amerika protektoratiga o‘tkazishni va uning butun aholisini vaqtinchalik ko‘chirishni nazarda tutadi. Bu haqda AQSH ma’muriyatidagi manbalarga asoslanib The Washington Post gazetasi xabar berdi.
Nashrтштп yozishicha, AQSH hukumati G‘azo sektorini qayta qurish, iqtisodiy rivojlantirish va o‘zgartirish uchun GREAT Trust (G‘azo qayta qurish, iqtisodiy tezlashtirish va transformatsiya trasti) nomli trast jamg‘armasini tashkil etish loyihasini ishlab chiqqan.
WP ma’lumotlariga ko‘ra, bu reja “anklavni kamida 10 yilga Amerika protektoratiga o‘tkazishni” ko‘zda tutadi. Ushbu rejaga binoan, AQSH G‘azo sektorini tiklashga o‘z mablag‘larini sarflamoqchi emas, balki kamida 100 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Bu investorlar uchun to‘rt barobar ko‘p foyda keltirishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, reja “ikki milliondan ortiq G‘azo aholisining barchasini hech bo‘lmaganda vaqtincha ko‘chirishni” nazarda tutadi. Mulkini keyinchalik tiklash uchun topshirishga rozi bo‘lgan yer egalariga boshqa joylardan ko‘chmas mulk sotib olish yoki anklav hududida qurilishi rejalashtirilgan “aqlli shahar”lardan birida kvartiraga almashtirish imkonini beradigan “raqamli aktivlar” taklif etilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, rejada 5 ming dollar miqdorida bir martalik to‘lov, shuningdek, G‘azo sektorini tark etishga majbur bo‘lgan aholiga subsidiyalar berish ko‘zda tutilgan.Bundan avval Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) G‘azoni “jangovar hudud” deb e’lon qilgandi. 29-avgustdan boshlab taktik pauzalar G‘azo shahriga tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri (1997—2007) Toni Bler va AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner G‘azo sektoridagi urush tugaganidan so‘ng hududning siyosiy va ma’muriy tuzilishi loyihasini ishlab chiqishga kirishishi haqida xabar qilingandi.








