Falastinning harakati HAMAS Isroil tomoniga nizoni hal etish va mustaqil Falastin davlatini barpo etish jarayoni doirasida 5, 7 yoki 10 yilga o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik bitimi tuzishni taklif qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Basem Naim bayonot berdi.
Shuningdek, Naim Falastin harakati Isroil bilan muzokaralarda vaziyatning yanada keskinlashuvi yoki jang harakatlarining davom etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun “har tomonlama yondashuv”ga tayyorligini ta’kidlagan. U tafsilotlarni keltirmasdan, HAMAS “qurollarni topshirish yoki muzlatish” masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgan.“Birinchidan, gap (AQSH prezidenti Donald Trampning G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasi) birinchi bosqichini to‘liq yakunlash, ikkinchidan, natijasi mustaqil Falastin davlati bo‘ladigan siyosiy jarayonni boshlash haqida bormoqda. Shu davr mobaynida biz 5, 7 yoki 10 yilga o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik bitimi tuzishga tayyormiz”, dedi HAMAS vakili Associated Press agentligiga bergan intervyusida.
Bundan tashqari, nizo tomonlari o‘rtasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishonchli kelishuvlar tuzilishi kerakligini, ular, xususan, “falastinliklarga hujum qilingan taqdirda o‘zlarini himoya qilish imkonini berishi” ta’kidlangan.
5-dekabr kuni Al Arabiya telekanali manbalarga tayanib, G‘azo sektoridagi nizo tomonlari va vositachilar HAMASni qurolsizlantirish bo‘yicha dastlabki qadamlar, jumladan, guruhdan og‘ir qurollarni olib qo‘yish bo‘yicha kelishib olganini xabar qildi.
9-oktyabr kuni Isroil va HAMAS Misr, Qatar, AQSH va Turkiya vositachiligida Tramp taqdim etgan tinchlik rejasining birinchi bosqichini amalga oshirishga kelishib oldi. G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 10-oktyabrdan kuchga kirdi. Isroil qo‘shinlari kelishuvga muvofiq “sariq chiziq”qa chekinib, anklavning 50 foizdan ortig‘ini o‘z nazorati ostida saqlab qoldi. 13-oktyabr kuni HAMAS garovga olingan 20 nafar tirik isroillikni ozod qildi va 28 nafar asirdan 4 nafar halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirdi. 5-dekabr holatiga ko‘ra, anklavda 2023-yil 7-oktyabrda halok bo‘lgan bitta isroillik harbiyning jasadi qolmoqda.
Amerikaning Axios portali xabariga ko‘ra, Tramp 25-dekabrgacha G‘azo sektorida vaziyatni tartibga solishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish boshlanganini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bitimning ikkinchi bosqichi Isroil qo‘shinlarini anklavdan olib chiqish, “xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlar”ni joylashtirish, shuningdek, sektorni boshqarish bo‘yicha tuzilmalar, jumladan “Tinchlik kengashi” faoliyatini boshlashni nazarda tutadi.








