Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi tarixiy bino buzib tashlanayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinishidan tarixiy bino buzilayotgani aks etgan video tarqalgandi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar natijasida videoda aks etgan bino Madaniy meros obyektlari davlat ro‘yxatiga kiritilmagani aniqlandi.
Shu sababli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘raldi. Bu qanday bino ekani, u nima sababdan buzilayotganiga aniqlik kiritilmadi.“Mazkur bino belgilangan tartibda muhofazaga olingan tarixiy yoki madaniy meros obyekti hisoblanmaydi”, deyiladi boshqarma xabarida.
O‘zbekistonda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi qarori bilan shakllantirilgan. Qaror ilovasiga Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-yanvardagi yangi qarori asosida o‘zgartirish kiritilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari jami soni 8 210 ta. Shundan arxeologiya yodgorliklari soni 4 748 ta, arxitektura yodgorliklari soni 2 252 ta, monumental sanʼat yodgorliklari 678 ta, diqqatga sazovor joylar 532 ta.








