Shri Lanka poytaxti Kolomboda ilk bor noyob qimmatbaho tosh — og‘irligi 3 563 karat bo‘lgan binafsha rangli “Toza yer yulduzi” sapfiri keng jamoatchilikka taqdim etildi. Ushbu qimmatbaho tosh o‘zining ulkan o‘lchami va betakror optik xususiyatlari bilan jahon gemmologiya tarixida yangilik yaratdi.
Sapfir tosh 2023-yilda Ratnapur shahrida — “qimmatbaho toshlar poytaxti” sifatida tanilgan hududda topilgan. Qiziqarli jihati shundaki, u dastlab boshqa qimmatbaho toshlar partiyasi tarkibida xarid qilingan va faqat ikki yil o‘tgach, egalari uning naqadar noyob ekanini anglab yetgan. Shundan so‘ng anonim qolishni istagan mulkdorlar toshni ikki mustaqil laboratoriyada ekspertizadan o‘tkazishga qaror qilgan.
Gemmolog Ashan Amarasingening so‘zlariga ko‘ra, sapfir mukammal asterizm — yorug‘lik tushganda olti nurli yulduz shaklida namoyon bo‘ladigan noyob optik effektga ega. Aynan shu xususiyat uni dunyodagi eng kamyob qimmatbaho toshlar qatoriga kiritadi.
“Toza yer yulduzi”ning dastlabki bahosi 300 million dollardan 400 million dollargacha yetishi mumkin. Qimmatbaho toshlar bozorida yangi rekordlar o‘rnatishi kutilayotgan ushbu noyob topilmaning egalari hozircha uni sotish bo‘yicha tushayotgan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.








