Daryo

Dunyodagi ikkinchi eng yirik olmos nihoyat sotildi

Botsvanadagi Karove konida ikki yil oldin topilgan 2488 karatlik “Motsvedi” toshi o‘z egasini topdi.

1 daqiqa o‘qish125 592 ko‘rishlar0 izoh0

Botsvanada tarixdagi eng yirik qimmatbaho olmoslardan biriga xaridor topildi. Og‘irligi 2 488,32 karat bo‘lgan “Motsvedi” toshi Karove konida topilgach, deyarli ikki yil davomida sotilmay turgan edi. Bu haqda Business Insider Africa xabar berdi.

“Motsvedi” 2024-yilning avgust oyida Botsvanadagi Karove konida topilgan. Boshida uning og‘irligi 2492 karat deb e’lon qilingan edi. Tosh tozalanib, ishlov berilgach, yakuniy og‘irligi 2488,32 karatni tashkil etdi.

Amerika Gemologiya Instituti bu toshni insoniyat tarixida topilgan ikkinchi eng yirik zargarlik olmosi deb tan olgan. Birinchi o‘rinda esa 1905-yilda Janubiy Afrika Respublikasida topilgan mashhur “Kullinan” olmosi turadi. Unining og‘irligi 3106 karatdir.

Business Insider Africa nashrining yozishicha, sotuv haqida Kanadaning Lucara Diamond konchilik kompaniyasi o‘zining 2026-yil ikkinchi choragi bo‘yicha hisobotida ma’lum qilgan. 7-avgustdagi hisobotda bu olmos kompaniyaning choraklik daromadi tarkibiga kiritilgan. Kompaniyaning umumiy daromadi 41 million dollarni tashkil etgan. Biroq Lucara “Motsvedi”ning xaridorini ham, uning aniq narxini ham ochiqlamadi.

Bunday hajmdagi olmosni sotish juda qiyin kechdi. Sababi juda yirik toshlarning narxini belgilash uchun bozorda aniq mezonlar mavjud emas. Olmos egasi uni bir nechta qimmatbaho olmoslarga parchalashi yoki noyob kolleksiya buyumi, yoxud muzey eksponati sifatida butunicha qoldirishi mumkin.

“Motsvedi” o‘zining yuqori sifati bilan ham ajralib turadi. Gemologiya instituti uni shaffof, och jigarrang tusdagi va zargarlik sifatiga ega olmos deb ta’rifladi. Shuningdek, institut toshni kam nuqsonli yaxlit kristall ekanini bildirdi. Avvalroq Nyu York meri Zohran Mamdani Britaniyadan Ko‘hinur olmosini Hindistonga qaytarishni so‘ragani haqida xabar berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar