Daryo

Rus generalini o‘ldirishda ayblangan o‘zbekistonlik erkak umrbodga qamaldi

Rossiyalik general-leytenant Igor Kirillov va yordamchisi 2024-yil 17-dekabrda portlatib yuborilgandi. Teraktda ayblangan Ahmadjon Qurbonov ertasi kuni ushlangan.

2 daqiqa o‘qish38 902 ko‘rishlar0 izoh4

Rossiyalik general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovni portlatib o‘ldirganlikda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi Ahmadjon Qurbonov umrbodga qamaldi. Unga 1 million rubl miqdorida jarima ham belgilandi. Bu haqda “RBK” muxbiri xabar berdi.

Portlovchi moddalarni yetkazib berganlikda ayblangan ozarbayjonlik Robert Safaryan 25 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Ijrochiga uy-joy bergan ingushetiyalik Botuxon Tochiyev va Ramazon Padiyev mos ravishda 22 yil va 18 yilga qamaldi, shuningdek, ular 200 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.

Ish bo‘yicha ayblanuvchilarga ularning roliga qarab terrorchilik uyushmasini tashkil etish va unda ishtirok etish, terrorchilik harakatini tayyorlash, shuningdek, portlovchi moddalarni noqonuniy aylanishi va portlovchi qurilma tayyorlash ayblovlari qo‘yilgan.

Generalning o‘limi

Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovni portlatib yuborish 2024-yil 17-dekabr kuni sodir bo‘lgan edi. Ular Moskvaning Ryazan prospektidagi podyezddan chiqayotganda portlash oqibatida halok bo‘lgan. Tergovchilar portlatish moslamasi podyezd yonida turgan samokatga joylashtirilganini aytgan. Kirillovni olib ketish uchun kelgan mashina haydovchisi tirik qolgan.

The Wall Street Journal, Reuters va “Ukrinform” o‘z manbalariga tayanib, portlashda Ukraina maxsus xizmatlarining ishtiroki haqida xabar bergan. Ukraina xavfsizlik xizmatidagi manbaning BBC’ga ma’lum qilishicha, Kirillov “maxsus operatsiya” natijasida “harbiy jinoyatchi” sifatida yo‘q qilingan. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Kiyev terrorchilik usullaridan foydalanmasligini aytgan.

Marhum urushda kimyoviy qurollardan foydalanishni buyurgandi

Ukraina Xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Igor Kirillovning buyrug‘i bilan 2022-yil fevral oyidan buyon Rossiya tomonidan 4800 dan ortiq kimyoviy qurollardan foydalanish holatlari qayd etilgan. Gap CS va CN kabi qo‘zg‘atuvchi ta’sirga ega zaharli moddalar bilan jihozlangan K-1 jangovar granatalari haqida bormoqda.

Foto: Igor Kirillov

Ulardan foydalanish 1993-yildan beri Kimyoviy qurolni ishlab chiqish, ishlab chiqarish, qo‘llash va yo‘q qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya bilan man etilgan. Urush davomida 2000 dan ortiq harbiy turli darajadagi kimyoviy zaharlanish bilan kasalxonalarga tushgan.

Igor Kirillov Rossiya armiyasining radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant bo‘lgan. U 2023-yilda Mudofaa vazirligi tomonidan muntazam ravishda brifinglar o‘tkazib, unda Rossiya hududida tayyorlanayotgan teraktlar haqida ma’lumot bergan.

Rossiya xavfsizlik xizmati: Kirillovni o‘ldirgan shaxsga 100 ming dollar va’da qilingan

2024-yil 18-dekabr kuni Kirillov va Polikarpovni o‘ldirishda gumonlanayotgan 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Rossiyalik huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, so‘roq paytida u go‘yoki “Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangani”ni tan olgan va jinoyatni sodir etgani uchun unga “100 ming dollar miqdorida pul mukofoti hamda Yevropa Ittifoqiga chiqish” va’da qilinganini aytgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar