Qashqadaryo viloyati Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasi shifokori bemor ayolga shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sud hujjatlarida ma’lum bo‘lishicha, 2026-yil 14-yanvar kuni soat 22:30 larda kechki navbatchilikda turgan Mirishkor tuman tibbiyot birlashmasi shifokori R.U. davolanish uchun yotqizilgan bemor A.S.ning davolovchi shifokori bo‘lmasa-da, tekshirish maqsadida muolaja xonasiga chaqirgan. Ayol muolaja xonaga borganida, R.U. spirt bilan muolaja qilish bahonasida unga teginib, shilqimlik qilgan.
Sudda ayblanuvchi ertasi kuni ishda bo‘lmasligini o‘ylab, bemorni qarovdan o‘tkazmoqchi bo‘lganligini, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, jabrlanuvchidan kechirim so‘ragan.
Ayol esa o‘z ko‘rsatuvida R.U.ni tanimasligini, u o‘zini shifokor deb tanishtirib, tibbiy tekshiruv bahonasida alohida xonaga chaqirganini, javobgarlikdan qochish uchun yolg‘on gapirayotganini ta’kidlab, unga nisbatan qat’iy chora ko‘rishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tuman sudi R.U.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybli deb topib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Avvalroq Toshkentda ko‘chada ayolga behayo harakatlar qilgan erkak 15 sutkaga qamalgandi. Farg‘onada Telegram orqali qo‘shni ayolga shilqimlik qilgan yigit 5 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Boshqa bir holatda esa Namanganda yo‘lda ketayotgan ayolga shilqimlik qilgan 68 yoshli erkak qamalgan.








