AQSH harbiylari 20-yanvar kuni Venesuelaga tegishli navbatdagi neft tankerini qo‘lga oldi. Bu AQSH Janubiy qo‘mondonligi (SOUTHCOM) tomonidan amalga oshirilgan yettinchi shunday operatsiyadir. Bu haqda Janubiy qo‘mondonlikning ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotiga tayanib, CBS News xabar beradi.
Janubiy qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni ertalab harbiylar “Sagitta” yuk kemasini hech qanday ko‘ngilsiz hodisalarsiz to‘xtatgan va nazorat ostiga olgan. Mazkur kema prezident Donald Tramp tomonidan sanksiyaga tushgan kemalar uchun Karib dengizida o‘rnatilgan karantin tartibini buzganlikda ayblanmoqda.
“Ushbu harakat Venesueladan chiqib ketayotgan har bir tomchi neft faqat qonuniy va tegishli tartibda muvofiqlashtirilgan bo‘lishini ta’minlash borasidagi qat’iyatimizni namoyish etadi”, deyiladi AQSH Janubiy qo‘mondonligi xabarida.
Qo‘mondonlik, shuningdek, “Sagitta” kemasining havoda olingan maxfiy bo‘lmagan video tasvirlarini ham e’lon qildi. Operatsiyaning boshqa tafsilotlari va kemaning keyingi taqdiri haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lumotlariga ko‘ra, “Sagitta” kemasi Panama bayrog‘i ostida suzadi. Kema egasi — Sunne Co Limited kompaniyasi bo‘lib, u sanksiyaga tushgan yana bir qancha kemalarga ham egalik qiladi. Mazkur tanker Eron, Rossiya va Venesuela kabi sanksiya ostidagi davlatlardan neft tashuvchi “Soyalar floti” (shadow fleet) tarkibiga kirgan.
AQSH 2025-yil 10-dekabrdan buyon Venesuelaga tegishli jami yettita tankerni qo‘lga oldi. Ular Karib dengizi mintaqasida va Atlantika okeanida to‘xtatilgan. So‘nggi marta qo‘lga olingan neft tankeri “Veronika” deb atalib, u 15-yanvar kuni Gayana bayrog‘i ostida suzayotganida egallangan edi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilda Karib dengizida harbiy ishtirokini kuchaytirgan AQSH kuchlari 2026-yil yanvar oyi boshida Venesuela hududiga kirib, mamlakat yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olgan edi. Hozirda ular Nyu Yorkda bo‘lib, narkotrafik va kartellar bilan hamkorlik qilishda ayblanmoqda. Maduro va uning rafiqasi ushbu ayblovlarni rad etib keladi.
Venesuela nefti va AQSH manfaatlari
Venesuela dunyodagi eng yirik neft zaxiralaridan biriga ega. Tramp ma’muriyati hozirda Amerika neft kompaniyalarini ushbu zaxiralarga sarmoya kiritishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. CBS News telekanaliga AQSH rasmiysining ma’lum qilishicha, o‘tgan haftada Vashington ilk bora Venesuela neftining qariyb 500 million dollarlik ilk partiyasini sotgan.








