AQSH rasmiylari 15-yanvar kuni Venesuela bilan aloqador bo‘lgan navbatdagi neft tankerini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Bu Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp va Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado o‘rtasidagi uchrashuv arafasida yuz berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSH Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi (SOUTHCOM) tong saharda o‘tkazilgan operatsiyani tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, Vashington kuchlari “Veronika” tankerini hech qanday qarshiliksiz qo‘lga olgan. Harbiylarning ta’kidlashicha, kema Karib dengizida Tramp tomonidan o‘rnatilgan sanksiya ostidagi kemalar uchun karantin tartibini buzgan.
“Venesueladan faqatgina tegishli tartibda va qonuniy muvofiqlashtirilgan neft chiqib ketishi mumkin”, deyiladi Janubiy qo‘mondonlik bayonotida.
Gayana bayrog‘i ostida suzuvchi “Veronika” tankeri yanvar oyi boshida Venesuela suvlarini bo‘sh holda tark etgan edi. Bu kema dekabr oyi o‘rtalaridan beri AQSH qo‘liga tushgan oltinchi kema bo‘ldi.
Ushbu choralar Trampning Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatish kampaniyasining bir qismidir. Venesuela poytaxti Karakasda 3-yanvar kuni AQSH maxsus kuchlari Maduroni qo‘lga olgan edi.
Hozirda Tramp Venesuelaning neft resurslarini noma’lum muddatgacha nazorat qilishni rejalashtirmoqda. AQSH ma’muriyati mamlakatning abgor holatdagi neft sanoatini tiklash uchun 100 milliard dollarlik ulkan rejani ishlab chiqqan.
“Soyalar floti”ga qarshi kurash
AQSH hukumati Venesuela neft savdosi bilan bog‘liq yana o‘nlab tankerlarni qo‘lga olish uchun sud orderlarini rasmiylashtirmoqda. Hozirgacha to‘xtatilgan kemalar yoki sanksiya ostida bo‘lgan, yoki Eron, Rossiya va Venesuela neftini yashirincha tashish bilan shug‘ullanuvchi “soyalar floti” a’zolari hisoblanadi.
O‘tgan haftada AQSH Rossiya suvosti kemasi kuzatib borayotgan va Rossiya bayrog‘i ostida suzuvchi tankerni Atlantika okeanida ikki haftalik ta’qibdan so‘ng qo‘lga olgan edi. Moskva bu harakatni keskin qoralagan. So‘nggi bora qo‘lga olingan beshinchi tanker esa “Olina” deb ataladi.
Machado bilan uchrashuv va siyosiy tanlov
“Veronika” tankerining qo‘lga olinishi Tramp va Machado o‘rtasidagi ilk yuzma-yuz uchrashuv arafasida yuz berdi. Tramp uni “ozodlik kurashchisi” deb atasa-da, uni Venesuela rahbari etib tayinlash g‘oyasini rad etgan.
Markaziy razvedka boshqarmasining maxfiy hisobotiga ko‘ra, mamlakatda barqarorlikni saqlash uchun Maduro tarafdorlari, jumladan, hozirgi muvaqqat prezident Delsi Rodriges eng munosib nomzod deb topilgan. Tramp Machadoning mamlakat ichida yetarli qo‘llovga ega emasligini ta’kidlab kelmoqda.








