Daryo

AQSH Venesuela neftini Kubaga sotishga ruxsat berdi

Xomashyo xususiy sektor yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri jismoniy shaxslarga sotilishi ta’kidlandi. Gavana hukumati esa bundan mustasno.

1 daqiqa o‘qish8 249 ko‘rishlar0 izoh3

Venesuela nefti yaqin orada yana Kuba yo‘nalishida oqishni boshlaydi, biroq bu safar hukumat uchun emas. AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Venesuela neftini Kuba davlat sektoridan to‘sib qo‘yayotgan bir paytda, Amerika kompaniyalariga ushbu xomashyoni orolning xususiy sektoriga qayta sotishga ruxsat berdi.

Yangi tartib va litsenziyalash

Chorshanba, 25-fevral kuni AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi yangi yo‘riqnomani e’lon qildi. Unga ko‘ra, Amerika kompaniyalari Venesuela neftini Kubada foydalanish uchun qayta sotish bo‘yicha litsenziya so‘rab murojaat qilsa, ushbu arizalar ijobiy ko‘rib chiqiladi.

Ushbu imtiyozli litsenziyalash siyosati Kuba xalqini, xususan, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlaydigan tranzaksiyalarga (masalan, Kubadagi tijorat va gumanitar maqsadlar uchun eksport) yo‘naltirilgan, deyiladi boshqarma xabarida.

Kimlarga sotish mumkin va kimlarga taqiqlangan?

AQSH Savdo vazirligi tomonidan kengaytirilgan ko‘rsatmalarga ko‘ra, neft quyidagi maqsadlar uchun yetkazib berilishi mumkin:

  • xususiy sektorning iqtisodiy faoliyati uchun;
  • shaxsiy yoki oilaviy foydalanish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jismoniy shaxslarga.

Bunda hukumatning maxsus ruxsati talab etilmaydi. Biroq Moliya va Savdo vazirliklari qat’iy taqiqlarni ham belgilab qo‘ydi. Unga ko‘ra, neftni Kuba hukumati yoki harbiylariga sotish mumkin emas. Shuningdek, davlat departamentining sanksiya ro‘yxatiga tushgan, Kuba harbiylari tomonidan boshqariladigan mehmonxonalar manfaatlariga xizmat qiluvchi savdolar taqiqlanadi.

Gumanitar inqiroz va siyosiy paradoks

E’tiborli jihati shundaki, AQSHning xususiy korxonalariga neft va gaz eksport qilish uchun litsenziya talab qilinmaydi, ammo Venesuela neftini qayta sotish uchun baribir maxsus ruxsatnoma olish shart.

Ekspertlarning fikricha, bu vaziyat o‘ziga xos paradoksni keltirib chiqarmoqda: Tramp ma’muriyati Venesuela neftining Kuba hukumatiga yetkazib berilishini bloklab, orolda energetik va gumanitar inqirozning kuchayishiga sabab bo‘layotgan bir paytda, ayni o‘sha neftning xususiy sektorga eksport qilinishi uchun eshik ochib berilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar