Daryo

Belgiya Rossiyaning “Soyalar floti”ga tegishli neft tankerni qo‘lga oldi (video)

Tanker nomi Ethera deb nomlanib, qo‘lga olish operatsiyasi Fransiya mudofaa kuchlari ko‘magida amalga oshirildi.

1 daqiqa o‘qish3 631 ko‘rishlar0 izoh2

Belgiya qurolli kuchlari 1-mart kuni Rossiyaning “Soyalar floti” tarkibiga kiruvchi neft tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Teo Franken ma’lumot berdi.

Belgiya mudofaa vazirining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozishicha, operatsiya Fransiya mudofaa kuchlari ko‘magida amalga oshirilgan. Qo‘lga olingan tanker Ethera deb nomlanadi va u Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Tanker ayni damda harbiy kemalar kuzatuvida Zebryugge portiga olib ketilmoqda va u yerda rasman musodara qilinadi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, kema “soxta bayroq va qalbaki hujjatlar” bilan suzganlikda gumonlanmoqda.

“Soya floti”ga qarshi kurash

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan kiritilgan G‘arb sanksiyalari Moskvani neft eksportini davom ettirish uchun “Soyalar floti”dan foydalanishga majbur qildi. Bunday kemalar odatda egalik tuzilmasi yashirin, texnik jihatdan eskirgan va ekologik xavf tug‘diruvchi tankerlardir.

“O‘zining ‘Soyalar floti’siz Putin begunoh ukrainaliklarga qarshi urush olib bora olmaydi. Shuning uchun biz bu kemalarni bittalab safdan chiqaramiz. Toki uning bosqinchilik urushi to‘xtamaguncha bu davom etadi”, dedi Teo Franken.

Mutaxassislar fikricha, bunday tankerlar xalqaro nazoratdan tashqarida bo‘lib, ulardagi mexanik nosozliklar yoki neft to‘kilishi dengiz ekotizimiga jiddiy tahdid soladi. Ayni damda Rossiya tomoni o‘z tankerlarining yoki yuk tashuvchi kemalarining qo‘lga olinishini “qaroqchilik harakati” deb atab kelmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar