AQSH hukumati Venesuela neftining birinchi partiyasini sotishni yakunladi. Bu yanvar oyi boshida Karakas va Vashington o‘rtasida imzolangan 2 milliard dollarlik kelishuvning bir qismidir. Bu haqda Reuters va CNN xabar berdi.
AQSH rasmiysining 14-yanvar kuni ma’lum qilishicha, ilk neft savdosidan tushgan qariyb 500 million dollar miqdoridagi mablag‘ AQSH hukumati nazoratidagi bank hisob raqamlarida saqlanmoqda. Bu boradagi tegishli buyruq 9-yanvar kuni imzolangan.
Mablag‘lar Qatarda saqlanadi
Sohadagi manbalarning bildirishicha, asosiy hisob raqam Qatarda joylashgan. Ushbu davlat mablag‘lar AQSH roziligi bilan harakatlanadigan va musodara qilinish xavfi bo‘lmagan neytral hudud sifatida tanlangan.
Rasmiy amerikalik vakilning qo‘shimcha qilishicha, yaqin kunlar va haftalar ichida neftning navbatdagi partiyalari sotilishi kutilmoqda. Yanvar oyi boshida AQSH Venesuelaga hujum qilib, mamlakat prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan so‘ng, prezident Donald Tramp Venesuelaning ulkan neft zaxiralaridan foydalanish rejasini ochiq e’lon qilgan edi.
100 milliard dollarlik sarmoya
Juma, 9-yanvar kuni Tramp neft sanoati Venesuelaning vayron bo‘lgan energetika sektorini qayta tiklash uchun kamida 100 milliard dollar sarmoya kiritishini aytgandi. Biroq bu raqam aynan qayerdan olingani hozircha noma’lum.
Oq uyda o‘tgan uchrashuvda AQSH energetika kompaniyalari rahbarlari ma’muriyatning ushbu rejalariga shubha bilan qaradi. Xususan, ExxonMobil bosh direktori Darren Vuds Venesueladagi vaziyatni investitsiya uchun yaroqsiz deb baholagan.
“Bu investitsiya kiritib bo‘lmaydigan joy. Sarmoyadan qanday foyda olishimizni tushunishimiz uchun ham bir qator huquqiy va tijoriy asoslar yaratilishi kerak”, degan u.
Boshqa bir qator top-menejerlar ham ixtiloflar girdobida qolgan ushbu Lotin Amerikasi davlatida biznes yuritishga tayyor emasligini bildirgan. Juma kungi muzokaralar yakunida Tramp va uning yordamchilari kompaniyalardan milliardlab dollar sarmoya kiritish bo‘yicha hech qanday aniq majburiyat ololmagan.
Chegirmali narxlar
Oq uy matbuot kotibi Teylor Rojersning ta’kidlashicha, Tramp jamoasi Venesuela infratuzilmasini tiklash uchun misli ko‘rilmagan sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan neft kompaniyalari bilan ijobiy muzokaralarni davom ettirmoqda. Shuningdek, 14-yanvar kungi hisobotlarga ko‘ra, Venesuela xom nefti treyderlarga Kanada kabi raqobatchi davlatlar neftiga qaraganda sezilarli chegirma bilan taklif qilinmoqda.








