O‘zbekiston fuqarolari birinchi marta ID karta olayotganida elektron raqamli imzo sertifikati karta chipiga bepul kiritiladi. Bu haqda prezidentning 19-yanvardagi qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, mazkur tartib 2026-yil 1-fevraldan boshlab kuchga kiradi. Bundan tashqari, fuqarolar “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimida avtomatik tarzda bepul ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Qaror bilan 2026-yil 1-maydan boshlab Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy boshqarmalariga O‘zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning elektron vizalarining amal qilish muddatini bir marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.








