Daryo

Readmissiya qilinganlarga xorijga chiqish pasporti berish tartibi belgilandi

Yo‘riqnomaga muvofiq, vataniga qaytarilgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Migratsiya va personallashtirish departamenti tomonidan “Pasport-viza” axborot tizimiga kiritiladi.

1 daqiqa o‘qish694 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda xorijiy davlatlardan readmissiya qilingan fuqarolarga istisno holatlarda xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirish tartibi belgilandi.

Adliya vazirligida “Xorijiy davlatlardan readmissiya qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga istisno holatlarda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirib berish to‘g‘risida”gi yo‘riqnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yo‘riqnomaga muvofiq, readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Migratsiya va personallashtirish departamenti tomonidan “Pasport-viza” axborot tizimiga kiritiladi.

Quyidagi hollarda istisno tariqasida xorijga chiqish pasporti rasmiylashtiriladi:

  • fuqaroning yaqin qarindoshi xorijda vafot etganida;
  • fuqaro yoki uning yaqin qarindoshiga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam yoki jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda;
  • fan olimpiadasi, ta’lim yoki xalqaro sport musobaqasida ishtirok etish uchun;
  • yashash joyi O‘zbekistonning chegara zonasi yoki eksklav hududlarida bo‘lganda;
  • Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining hujjat va topshiriqlari, shuningdek Prezident Administratsiyasi rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash zarur bo‘lganda.

Fuqarolar istisno tariqasida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun Migratsiya va personallashtirish departamenti yoki uning hududiy boshqarmalariga murojaat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, “Xorijiy davlatlardan readmissiya qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari” deganda — xorijiy davlat hududida noqonuniy yashab qolgan, vizasi yoki yashash ruxsati muddati tugagan, noqonuniy kirgan yoki migratsiya qoidalarini buzgan O‘zbekiston fuqarolari nazarda tutiladi.

Bunday fuqarolar readmissiya shartnomalari asosida O‘zbekistonga qaytariladi. Readmissiya — bu davlatlar o‘rtasidagi xalqaro kelishuv bo‘lib, unga ko‘ra bir davlat hududida noqonuniy bo‘lib qolgan boshqa davlat fuqarosi o‘z vataniga qaytariladi.

Masalan:

O‘zbekiston fuqarosi Germaniyada yashash ruxsatisiz qolib ketsa, Germaniya uni readmissiya tartibida O‘zbekistonga jo‘natishi mumkin.

Shuningdek, O‘zbekiston ham o‘z hududida noqonuniy yashayotgan chet el fuqarosini u kelgan davlatga qaytarishi mumkin.

Shunday qilib, “readmissiya qilingan fuqarolar” — bu xorijda huquqiy asosda qolish imkoniyatini yo‘qotgan va o‘z vataniga qaytarilgan o‘zbekistonliklar hisoblanadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar