Daryo

Donald Tramp yaqin kunlarda G‘azoni boshqaradigan yangi tuzilmani e’lon qiladi

Isroilga deyarli barcha asirlarning jasadlari qaytarilgan. Tramp ma’muriyati kelishuvning ikkinchi bosqichiga imkon qadar tezroq o‘tish bilan mojaroning qayta avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilmoqda.

1 daqiqa o‘qish3 935 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti Donald Tramp “G‘azoni barqarorlashtirish rejasi”ning ikkinchi bosqichi doirasida anklav uchun yangi boshqaruv modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Axios manbalariga ko‘ra, ushbu tashabbus Rojdestvogacha e’lon qilinishi mumkin.

Nashrning jarayon bilan bevosita shug‘ullanayotgan bir nechta manbalarga tayanib yozishicha, birinchi bosqichning asosiy sharti bajarilgan. Xususan, HAMAS ixtiyorida asirlikda saqlangan deyarli barcha isroilliklar, jumladan, jasadlar yahudiy davlatiga topshirilgan.

Isroil delegatsiyasi 4-dekabr, payshanba kuni Qatar hamda Misr vositachilari bilan uchrashib, G‘azoda saqlanayotgan oxirgi isroilikning jasadini qaytarish masalasini muhokama qilgan. Manbaga ko‘ra, gap Ran Gvili haqida boryapti.

Isroillik asirlarning jasadlarini topish uchun maxsus texnikalar jalb etildi
Foto: Washington Post

Tramp ma’muriyati urushning qayta avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tinchlik jarayonining ikkinchi bosqichiga tezroq o‘tishni reja qilgan. Nashrning qayd etishicha, otashkesim e’lon qilinganidan buyon Isroil tomoni sulhni 500 martadan ortiq buzib, 366 nafar falastinlikni o‘ldirgan.

Donald Tramp taklif etgan tinchlik rejasidan so‘ng Isroil G‘azoga ikki yil davom etgan hujumlarini to‘xtatdi. Sulhning birinchi bosqichi doirasida HAMAS o‘z ixtiyoridagi barcha isroilliklar, jumladan, jasadlarni qaytarib berdi. Endi tomonlar rejaning ikkinchi bosqichi ustida ishlamoqda. Unga muvofiq Isroil G‘azodan qo‘shinlarining katta qismini olib chiqadi. Anklavga Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari joylashtirilib, yangi boshqaruv tizimi joriy etiladi.

HAMASdan so‘ng G’azoni kimlar boshqarishi kun tartibidagi asosiy masalalardan bo‘lib turibdi
Foto: Getty Images

Rejaga binoan G‘azoni menejment yoki biznes tajribasiga ega bo‘lgan falastinlik texnokratlardan iborat hukumat boshqaradi. Ammo bu kengashga HAMAS bilan aloqada bo‘lganlar olinmaydi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yil yakuniga qadar Tramp bilan uchrashib, G‘aza kelishuvining keyingi bosqichini muhokama qilishi kutilmoqda.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar