Moskva huquqni muhofaza qilish organlari mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lgan 1,5 ming nafar migrantni turli qonunbuzarliklar uchun Rossiya Federatsiyasidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Rossiya IIV Moskvadagi Bosh boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan beri Moskvada turli jinoyatlar, jumladan, og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan 240 dan ortiq fuqaro, xavfli kasalliklarga chalingan 430 nafar, Rossiyaga soxta hujjatlar bilan kirgan 100 nafar shaxs aniqlangan.“1,4 mingga yaqin chet el fuqarosiga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan, ko‘rsatilgan toifadagi 450 dan ortiq xorijlik esa deportatsiya qilingan”, deyiladi bosh boshqarma xabarida.
Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida 32 kishiga nisbatan Rossiya fuqaroligini bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.
“Bunday holatlarning 20 tasi qotillik, odam o‘g‘irlash, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, giyohvand moddalar va psixotrop vositalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish yoki milliy xavfsizlikka zarar yetkazish bilan bog‘liq”, deb ta’kidlaydi boshqarma.
Yilning o‘tgan davrida chet elliklarni noqonuniy legallashtirish bo‘yicha 2,4 mingdan ortiq, noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha 170 ta, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 322.2-moddasi (fuqaroni yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha soxta ro‘yxatga olish) bo‘yicha 29 ta va 322.3-moddasi (chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni yashash joyi bo‘yicha soxta ro‘yxatga olish) bo‘yicha 2,2 mingta jinoyat ishi sudga yuborilgan.
Bundan avval Rossiyada ishlamaydigan migrant oilalar uchun pullik yashash tartibini joriy etish taklif qilingandi.








