“Liverpul” sobiq ustozi Yurgen Klopp Madridning “Real” klubi bosh murabbiylik lavozimi uchun asosiy nomzod. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Real” rahbariyati Kloppni juda hurmat qiladi. Ayniqsa, klub prezidenti Florentino Peres germaniyalik mutaxassisning erishgan natijalarini yuqori baholaydi va uni “qirollik klubi”ga taklif qilish g‘oyasini har doim qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Qayd etilishicha, Peres Zinedin Zidanni uchinchi marta qaytarish g‘oyasini ham ko‘rib chiqmoqda, biroq fransiyalik mutaxassis 2026-yilgi Jahon chempionatidan so‘ng Fransiya milliy terma jamoasini boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Shu bois Zidan “qirollik klubi” taklifini rad etgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Klopp 2025-yil 1-yanvardan buyon “Red Bull” kompaniyasida rahbar lavozimida faoliyat olib bormoqda. Mutaxassis 2015—2024-yillar davomida “Liverpul”ni boshqargan va jamoa bilan Angliya Premyer Ligasi hamda Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, 12-yanvar, dushanba kuni “qirollik klubi” Xabi Alonsoni bosh murabbiylik lavozimidan ozod etib, uning o‘rniga Alvaro Arbeloani tayinlaganini e’lon qildi. Alonso 2025-yil yozidan buyon jamoani boshqarib kelgan. Uning qo‘l ostida “Real” barcha musobaqalarda 34 ta uchrashuv o‘tkazib, 24 g‘alaba, 4 durang va 6 mag‘lubiyat qayd etgan.








