Koloniyada jazoni oʻtayotgan mahkumdan pora talab qilgan shifokorlar qoʻlga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti xabar qildi.
Qayd etilishicha, mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada davolanayotgan mahkum ariza bilan murojaat qilib, koloniyaning tibbiyot boʻlimida shifokor lavozimida ishlab kelayotgan xodim oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib, undan majburiy davolash choralarini bekor qilib berish evaziga 7,5 ming dollar talab qilganligini bildirgan.
Mahkum koloniya shifokori Toshkent viloyatining koʻp tarmoqli poliklinikasida jarroh boʻlib ishlovchi tanishi orqali ushbu pullarning 1,5 dollarini ukasidan olganini ham aytib, pulning qolgan qismini talab qilib kelayotgan ikki nafar shifokorga qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar qoʻlga olindi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Pora evaziga o‘z qasamyodini sotganlar
Andijonda mahkumdan tamagirlik yoʻli orqali pul undirishga uringan probatsiya xizmati inspektori ishdan olingan. U ayolga ikki oydan beri goʻyoki oʻzining hisobidan firmaga 800 ming soʻm pul toʻlaganini vaj qilib, 1 million 600 ming soʻm talab qilgan.
Toshkent viloyatida esa ichki ishlar xodimi 10 ming dollar pora bilan qoʻlga tushgan. U IIO safidan boʻshatilgan qoʻriqlash boshqarmasi xodimini xizmatga tiklash uchun pul soʻragan.
Fargʻonada kuzatilgan holatda telefonlarni noqonuniy oʻtkazish uchun pora olgan bojxona posti rahbari 4 yilga qamalgandi.
Bir necha bor chegarani noqonuniy kesib oʻtishga uringan shaxsga mansabdorning oʻzi taklif bildirib, Qirgʻizistondan uyali aloqa telefonlarini olib oʻtsa, katta foyda koʻrishi mumkinligini hamda pul evaziga unga koʻmaklashishini aytgan.
Xorazmda esa viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmatining katta tezkor vakili Xiva shahri hududidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurish uchun hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga fuqarodan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.








