Toshkentda jangovar o‘qlarni sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbiri natijasida 2001-yilda tug‘ilgan shaxs xaridorga 1 300 AQSH dollari evaziga 22 dona, kalibri 5.45 millimetr bo‘lgan jangovar o‘qlarni sotgan vaqtda ushlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.
Fuqaro muqaddam Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismda portlatuvchi-haydovchi bo‘lib ishlagani aniqlandi.
Olib borilgan tezkor surishtiruvlar davomida u o‘q-dorilarni avval o‘zi bilan ishlagan harbiy xodimdan 10 million so‘m pulga sotib olgani maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish ochildi.
Avvalroq Navoiyda oltin qazib olish uchun portlovchi moddalar olib ketayotgan shaxs qo‘lga tushgandi. Uning mashinasi salonidan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan kukun holatidagi va tayyor portlatish vositalari topilgan.
Boshqa bir holatda Toshkentda fuqaro uyini taʼmirlash chog‘ida granata va qurollar topib olgan.
Uyning yerto‘lasida bir dona RGD-5 qo‘l granatasi, bitta TOZ-8 rusumli o‘qotar qurol, bir dona IJ-27E rusumli o‘qotar qurol, portlatish qurilmasi, besh dona qo‘l granat zapali, bir dona elektrodetonator hamda uning portlovchi shnuri va 546 dona turli xildagi jangovar o‘q-dorilar hamda 1100 dona pnevmatik qurol o‘qlari, shuningdek, o‘tkir tig‘li jismlar borligini aniqlangandi.








