Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida 14 yoshli qiz bir guruh shaxslar tomonidan jinsiy zoʻravonlikka uchradi.
Maʼlumotlarga koʻra, hodisa 2026-yilning 9-yanvar kuni sodir boʻlgan. Ish boʻyicha qoʻlga olingan 4 kishi 2002-yilda tugʻilgan yigitlar boʻlgan.
IIV xotin-qizlar va bolalar masalalari boʻyicha boshqarma boshligʻi Nilufar Gʻiyosovaning “Gazeta”ga tasdiqlashicha, ushbu jinsiy zoʻravonlik holati holat yuzasidan Uchkoʻprik tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan 10-yanvar kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi, yaʼni nomusga tegish bilan ish qoʻzgʻatildi.
Gumonlanuvchilar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari Fargʻona viloyati IIB tomonidan olib borilmoqda.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holatlari
Oʻzbekistonda 2025-yilda qotillik kamayib, nomusga tegish jinoyati koʻpaydi. Shu turdagi jinoyatlar 2024-yilda 359-marta sodir qilingan boʻlsa, 2025-yilga kelib 381 taga koʻpaygan.
2026-yilning boshlarida Tailandda 37 yoshli oʻzbekistonlik erkak voyaga yetmagan qizga jinsiy tajovuz qilganlikda gumonlanib, qoʻlga olingandi. Fuqaro 16 yoshli qiz jamoat hojatxonasidan chiqayotgan vaqtda unga nisbatan nomaqbul harakatlar sodir etgan.
Toshkent viloyatidagi holatda esa manzil-koloniyadan qochib, 3-sinf qizni zoʻrlagan erkak 18-yilga qamalgandi. Muqaddam sudlangan ushbu shaxsning ishi yopiq sud majlisida koʻrildi.
Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida toʻyga kelgan 7 yoshli qarindosh qizni zoʻrlagan erkak ham 18-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va oʻta xavfli retsidivist deb topilgan.
Oʻtgan yilning dekabr oyida Qozogʻistonda 16 yosh qizni zoʻrlab oʻldirgan oʻzbekistonlik umrbodga qamalgani ham xabar qilingandi. U marhumaning oilasiga 50 million tenge (98 ming dollardan ortiq) miqdorida maʼnaviy zararni qoplashi kerak boʻladi.








