Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa jamoani tark etishi mumkinligi haqidagi savolga munosabat bildirdi.
“Men bu lavozimga ishlash uchun keldim. Birinchi kundan boshlab, ketadigan so‘nggi kunimgacha faqat o‘z vazifamni bajaraman. Chunki bu mening klub oldidagi burchim”, deydi mutaxassis.
Avvalroq “qirollik klubi” Ispaniya Kubogi 1/8 finali doirasida mamlakatning ikkinchi darajali chempionati — Segunda ligasida ishtirok etuvchi “Albasete”ga qarshi bahsda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Ushbu uchrashuv Arbeloa uchun “Real” bosh murabbiyi sifatidagi debyut o‘yini bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Alvaro Arbeloa “Real” bosh murabbiyligi lavozimida sobiq jamoadoshi Xabi Alonsoning o‘rniga tayinlangan edi. Alonso Ispaniya Superkubogi finalida “Barselona”ga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng klubni tark etgan.
Ma’lumot uchun, Alvaro Arbeloa 2025-yil iyun oyidan buyon klub o‘rinbosarlar jamoasi — “Kastilya”ga murabbiylik qilib kelayotgan edi. U 2020-yildan beri “Real” akademiyasida turli yosh toifalarida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.
Futbolchilik faoliyati davomida Alvaro Arbeloa Xabi Alonso singari “Real” tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrlardan birida klub sharafini himoya qilgan. U 2009–2016-yillar oralig‘ida “qirollik klubi” safida 238 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, jami 8 ta sovrinni qo‘lga kiritgan: ikki marta UEFA Chempionlar Ligasi, bir marta klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati, bir martadan UEFA Superkubogi, La Liga va Ispaniya Superkubogi, shuningdek, ikki marta Ispaniya kubogi.








