Alvaro Arbeloa kelasi mavsumda ham “Real Madrid” bosh murabbiyi bo‘lib qoladi. Bu haqda Marca nashri xabar berdi.
42 yoshli mutaxassis Xabi Alonso iste’foga chiqarilganidan so‘ng jamoani boshqarishga kirishdi. Ispaniyalik murabbiy klub bilan 2026-yil iyun oyidan keyingi davrni ham qamrab oluvchi yangi shartnoma imzolagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Arbeloa bilan “1+1” ko‘rinishida shartnoma tuzilgan. Bu esa klubning uni asosiy jamoa bosh murabbiyi sifatida qo‘llab-quvvatlayotganini tasdiqlaydi. Rejaga ko‘ra, Arbeloa joriy mavsum yakunlangach ham jamoani boshqarishda davom etadi.
Faqatgina sport direktori va klub prezidenti belgilangan vazifalar bajarilmadi, degan xulosaga kelsa, shartnoma muddatidan avval bekor qilinishi mumkin.
Hozirda “Real Madrid” La Liga turnir jadvalida 19 turdan so‘ng 45 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. “Qirollik klubi” yetakchi “Barselona”dan 4 ochko ortda bormoqda.
“Real Madrid”ning rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Arbeloaning yordamchilari etib Xulian Karmona, Kevin Kardeiro va Rikardo da Silva tayinlangan. Ularning barchasi murabbiy bilan “Kastilya”da birga ishlagan, Rikardo da Silva esa jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.
Shuningdek, texnik tahlilchi lavozimida Fransis Sanches faoliyat yuritadi. U ham avvalroq madridliklarning yoshlar jamoasida ishlagan. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida Antonio Pintus qayd etilgan. Mutaxassis bu vazifani Xabi Alonso kelishidan avval ham bajargan. Darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiy sifatida esa Luis Lopis tanlangan.
Ma’lumot uchun, 42 yoshli ispaniyalik mutaxassis 2025-yil iyun oyidan buyon “Real Madrid”ning o‘rinbosarlar jamoasi — “Kastilya”ga murabbiylik qilib kelayotgan edi. U 2020-yildan buyon klub akademiyasida murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.








